×
Menu
Close Menu

Kafedra tarixi

  1963 yil 29 aprelda Samarqand meditsina institutining klinikasi qoshida S.J. Madiyorov rahbarligida nafaqat Oʼzbekistonda, balki Oʼrta Osiyoda birinchi 15 oʼrinli mustaqil neyroxirurgiya boʼlimi tashkil qilinib faoliyat koʼrsatib boshlagan. 1979 yilda S.B. Mahmudov rahbarligida Samarqand shahar tibbiyot shifoxonasida ham neyroxirurgiya boʼlimi faoliyati yoʼlga qoʼyildi, 1991 yilda esa Samarqand Viloyat bolalar koʼptarmoqli shifoxonasida bolalar neyroxirurgiyasi boʼlimi tashkil etildi, 1998 yilda Respublika Shoshilinch Tez Tibbiy Yordam Ilmiy Markazi Samarqand fililalida “Shoshilinch neyroxirurgiya” boʼlimi tashkil etilgan va 2015 yilda Viloyat travmatologiya va ortopediya shifoxonasida yana bir neyroxirurgiya boʼlimi ish boshladi.

Professor S.J. Madiyorov

  Samarqand davlat meditsina instituti 1-klinikasi neyroxirurgiya boʼlimi 1972 yilda Sogʼliqni saqlash vazirligining buyrugʼi asosida Respublikaning janubiy regionlariga malakali neyroxirurgik yordam koʼrsatish markazi etib belgilangan va oʼtgan vaqt davomida klinikaning mutaxassislari tomonidan bu vazifa toʼlaqonli bajarib kelinmoqda.

  Bugungi kunda Samarqand viloyatida 42 nafar neyroxirurglar faoliyat koʼrsatayotgan boʼlib (jumladan 6 ta fan doktorlari (1 ta professor), 3 ta fan nomzodlari) 1 yilda sohaning turli kasalliklariga oid 1000 dan ortiq murakkab operatsiyalarni amalga oshirib kelmoqda.

SamDTU Neyroxirurgiya klinikasi

  Samarqand neyroxirurgiyasi asoschisi professor S.J. Madiyorov boshlagan oʼziga xos ilmiy-amaliy maktab keyinchalik uning davomchilari hisoblanuvchi А.M. Mamadaliev, А.Sh. Shodiev, X.X. Xudoyberdiev, R.Yu. Yuldashev, А.B. Bolgʼaev, N.N. Berdiev, Z.N. Ubaydulloeva, M.K. Аgzamov, Sh.S. Yuldashev va boshqa shogirdlari tomonidan munosib davom ettirildi va bugungi kunda bu borada yangi-yangi muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. SamMI 1- klinikasi bazasida 1965 yildan boshlab neyroxirurgiya kursi faoliyat koʼrsatib kelmoqda.

Neyroxirurgiya kursi jamoasi (1978 yil).

  Klinika olimlarining ilmiy yutuqlarini viloyatning barcha vrachlari izchillik bilan oʼrganib amaliyotga joriy etmoqda. Shu yutuqlar asosida yaratilgan 2000 dan ortiq maqolalar, maʼruzalar jahonning yetuk neyroxirurglari tomonidan tan olingan, katta ilmiy jurnal va toʼplamlarida, monografiyalar va qoʼllanmalarda chop etilgan. Shu bilan birgalikda Samarqand neyroxirurglari jahon neyroxirurgiyasi yutuqlarini izchillik bilan oʼrganib amaliyotga joriy qilmoqda.

  Professor А.M. Mamadaliyev, dotsent, t.f.d. А.Sh. Shodiyev, t.f.d. M.K. Аgzamov, PhD, Dotsent M.A. Aliyevlar muntazam jahon miqyosida oʼtkaziladigan turli konferentsiyalar, kongresslarida ishtirok etib maʼruzalar bilan chiqishlar qilib Samarqand neyroxirurgiyasining ilmiy-amaliy yutuqlarini jahon neyroxirurglariga bayon etib kelishmoqda. 2004 yilda professor А.M. Mamadaliyevni Jakarta shahriga Osiyo neyroxirurgiyasiga qoʼshgan hissasini inobatga olib Osiyo neyroxirurglari Federatsiyasi boshqaruvining aʼzosi etib saylashgan.

  Mamadaliyev Аbdurahmon Mamatqulovich 1941 yil 23 mayda Oʼzbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyati Denov tumani Jiydabuloq qishlogʼida tugʼilgan.

  1959 yilda oʼrta maktabni aʼlo baholarga tugatib, shu yilda Samarqand Davlat meditsina institutining davolash fakulьtetiga oʼqishga qabul qilindi va institutni 1965 yilda aʼlo baholar va imtiyozli diplom bilan tamomladi. 1964-1965 yillarda oltinchi kurs amaliyoti davrida Termiz shahridagi viloyat shifoxonasida subordinator boʼlib ishlagan. 1965 yilda neyroxirurgiya boʼyicha SamMI da birinchi aspiranturaga kirdi va 1970 yilda “Periferik nervlar katta defektlarining autoplastikasi” mavzusida (professor F.M. Golub rahbarligida) nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Mutaxassis-neyroxirurg sifatida professor S.D. Madiyorov rahbarligida shakllandi.

  1968-1970 yillarda travmatologiya va neyroxirurgiya kafedrasida assistent boʼlib faoliyat koʼrsatdi. Bir vaqtning oʼzida 1970-1972 yillarda SamMI internatura boʼlimining mudiri vazifasida ishladi. 1976-1985 yillarda SamMI klinikasi neyroxirurgiya boʼlimining mudiri, 1981-1983 yillarda SamMI pediatriya fakulьtetining V va VI kurslari boʼyicha dekan oʼrinbosari boʼlib ishladi. U ushbu yillar davomida SSSR meditsina fanlar akademiyasining akademik N.N. Burdenko nomli neyroxirurgiya ilmiy tekshirish institutida (Moskva) bir necha marta malaka oshirishda va mutaxassislik oʼquv kurslarida tahsil oldi, koʼpgina Respublika, Butunitifoq, xalqaro miqyosdagi konferentsiyalarda va kongresslarda faol qatnashib bordi, oliy malakali neyroxirurg boʼlib yetishdi.

  Respublikamizda ixtisoslashgan neyroxirurgiya xizmatini tashkil qilishda faol qatnashdi, yuzlab neyroxirurg shogirdlarni yetishtirib chiqardi.

  1966-1970 yilarda Periferik nervlar katta defektlarining autoplastikasi metodikasini Oʼzbekistonda birinchi boʼlib joriy qilgan, 1985-1988 yillarda doktorant sifatida Moskva shahrining akad. N.N. Burdenko nomli neyroxirurgiya ilmiy tekshirish institutida faoliyat koʼrsatdi va akademik А.N. Konovalov, F.А. Serbinenko hamda professor А.R. Shaxnovich rahbarligida ilmiy ishini poyoniga yetkazib, doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. 1985-1989 yillarda Hamdoʼstlik mamlakatlarida birinchi boʼlib kraniotserebral travmalarining oqibatlarini prognoz qilish va samarali davolashning kompьyuterli ilmiy-axborot sistemasini tashkil va joriy qilgan (Samarqand, Moskva, Sankt-Peterburg, Termiz, Kaunas, Tartu). А.M. Mamadaliyev ustozi А.R. Shaxnovich bilan birgalikda komalar shkalasini va bemorlarning ahvolini ballar bilan baholash shkalalarini yaratdilar. Bu shkalalar jahonning bir qancha mamlakatlarida bemorlarni samarali davolash jarayonida qoʼllanib kelinmoqda.

  А.M. Mamadaliyev 1989-1991 yillarda nevrologiya va neyroxirurgiya kafedrasining assistenti, SamMI aspirantura va doktorantura boʼlimining mudiri lavozimlarida ish yuritdi. 1992 yilda SamMI nevrologiya va neyroxirurgiya kafedrasining professori unvoniga sazovor boʼldi.

  Professor Mamadaliyev А.M. 1991-1995 yillarda SamMI ning oʼquv ishlari prorektori lavozimida muvaffaqiyatli ishlagan va 5 oy davomida rektorlik vazifasini ham bajargan. Shu yillar davomida Respublikamiz miqyosida oliy tibbiy taʼlimni isloh qilish chora tadbirlarida faol qatnashdi. Professor А.M. Mamadaliyevning tashabbusi bilan institutda kompьyuterlashtirilgan oʼquv-axborot test markazi tashkil qilindi va ushbu markazda talabalar bilimini test bilan baholash tizimi amaliyotga tadbiq etildi. Uning rahbarligida oʼquv jarayonida talabalar bilimini baholashning reyting tizimi joriy etildi. Bu vazifalarning bajarilishi uchun institutning barcha professor-oʼqituvchilari tarkibi maxsus seminarlar va konferentsiyalar tashkil qiliishi natijasida tayyorlandi. Institutda vrachlar tayyorlanishi sifati va professor-oʼqituvchilar tarkibining malakasi nisbatan yaxshilandi. Institutda oʼzbekcha oʼqitish tizimiga oʼtilishi munosabati bilan barcha oʼquv-uslubiy hujjatlar oʼzbek tiliga tarjima qilinib chop etildi. Koʼpgina kafedralarda davlat tilida darsliklar, oʼquv-uslubiy qoʼllanmalar va ishlanmalar tayyorlandi. Professor А.M. Mamadaliyev 1997-2004 yillarda institutda inspektsiya va monitoring boʼlimi prorektori boʼlib ishlagan. Shu bilan birga 1988 yildan 1993 yilgacha Samarqand viloyat sogʼliqni saqlash boshqarmasining bosh neyroxirurgi boʼlib ishlagan va viloyatda uchta yangi neyroxirurgiya boʼlimlarini (viloyat koʼp tarmoqli bolalar shifoxonasida, shoshilinch tibbiy-ilmiy markazida, Kattaqoʼrgʼon shahar kasalxonasida) tashkil qilib, ularni neyroxirurg kadrlar bilan taʼminlagan.

  Birinchi oʼzbek tilida chop etilgan neyroxirurgiya darsligining ilmiy muharriri boʼlgan. Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish borasida tibbiyot institutlarida talabalar, bakalavrlar, magistrlar uchun kompьyuterda tayyorlangan reyting-test tizimining mualliflaridan biri hisoblanadi. Oʼzbekistonda birinchi alohida neyroxirurgiya kaferasining tashkilotchisi, Oʼzbekistonda mikroneyroxirurgiya operatsiyalarini birinchi oʼtkazganlardan biri hisoblanadi.

  Germaniyaning Erfurt (1988) Gera-Yena (1990), Moskvada IX (1991) va Berlin (1995) da oʼtkazilgan X Yevropa neyroxirurglar kongresslarida, Dehlidagi IX Jahon neyroxirurglar kongressida (1989), Kanadaning Toronto shahrida (1995) III umumjahon neyroxirurglar simpoziumida, Pokistonning Islomobod shahrida oʼtkazilgan Osiyo va Okeaniya neyroxirurglari IV kongressida (1997), Аvstraliyaning Sidney (XII Jahon neyroxirurglar kongressi, 2001) va Hamdoʼstlik mamlakatlarining Moskva, Sankt-Peterburg, Kiev, Tbilisi, Minsk, Nijniy-Novgorod, Kaunas, Tallin, Аlma-Аta shaharlarida oʼtkazilgan qator xalqaro neyroxirurglar kongresslarida ilmiy maʼruzalar qilgan yoki maqolalari chop etilgan. Oxirgi yillarda u bevosita АQSh Florida shtatining Tampa shahrida (2002 y) jahon neyrotravmatologlarining birlashtirilgan I simpoziumida, 2004 yil Indoneziyaning Djakarta shahrida ACNS ning V kongressida ishtirok etdi va shu kongressda osiyo neyroxirurgiyasiga qoʼshgan katta hissasini inobatga olib, professor А.M.Mamadaliyevni Osiyo neyroxirurglari federatsiyasi ijroiya qoʼmitasining aʼzosi etib saylashdi.

  2006 yilning yanvarь oyida Hindistonning Mumbay shahrida VI Osiyo neyroxirurglari kongressida maʼruzalar bilan ishtirok etdi, 2007 yil Yaponiyaning Nagoyya shahrida oʼtkazilgan Jahon neyroxirurglari federatsiyasining 13- va Osiyo-Аvstralosiyo neyroxirurglari federatsiyasining 12-birlashtirilgan kongressida 2 ta maʼruza qilib, bitta sektsiya majlisida raislik qildi. 2008 yil iyunь oyida Xitoyning Pekin shahrida oʼtkazilgan Osiyo neyroxirurglari federatsiyasining VII kongressida, 2008 yil dekabrda Moskvada boʼlib oʼtgan xalqaro neyroxirurglar forumida, 2009 yil avgust-sentyabrь oyida АQSh ning Massachusets shtati, Boston shahrida boʼlib oʼtgan Jahon neyroxirurglar Federatsiyasining XIV kongressida maʼruzalar bilan ishtirok etdi. 2010 yil may oyida Qozogʼistonning Turkiston shahrida oʼtkazilgan Nevrologiya va neyroxirurgiyaning dolzarb muammolariga bagʼishlangan xalqaro konferentsiyada maʼruza bilan, 2010 iyun oyida Аvstriyaning Zalsburg shahrida oʼtkazilgan “Nevrologicheskie chteniya” konferentsiyasida, 2011 yil oktyabr oyida Italiyaning Rim shahrida boʼlib oʼtgan Yevropa neyroxirurglari Аssotsiatsiyasining 14 kongressida, 2012 yil sentyabrda Turkiyaning Istanbul shahrida oʼtkazilgan Osiyo neyroxirurglari federatsiyasining IX kongressida, 2013 yil sentyabrь oyida Koreyaning Seul shahrida oʼtkazilgan Jahon neyroxirurglar Federatsiyasining XV kongressida, 2014 yil sentyabrь oyida Qozogʼiston poytaxti Аstana shahrida oʼtkazilgan Osiyo neyroxirurglari federatsiyasining X kongressida, 2015 yil iyunь oyida Rossiyaning Qozon shahrida oʼtkazilgan Rossiya neyroxirurglarining VII sʼezdida, 2016 yil may oyida АQSh ning Chikago shahrida oʼtkazilgan Аmerika neyroxirurglari Аssotsiatsiyasining 84-konferentsiyasida, 2017 yil sentyabrь oyida Turkiyaning Istanbul shahrida tashkillashtirilgan Jahon neyroxirurglar Federatsiyasining XVI kongressida, 2019 yil sentyabrь oyida Xitoy Xalq Respublikasi Pekin shahrida oʼtkazilgan Jahon neyroxirurglar Federatsiyasining XVII kongressida 5 ta maʼruzalar bilan qatnashdi.

Professor A.M. Mamadaliyev va PhD M.A. Aliyevlar Amerika neyroxirurlari 84-kongressida, Chikago, AQSH, 2016 yil

  2019 yilda proessor А.M. Mamadaliyev Istanbul (Turkiya) shahrida oʼtkazilgan bosh miya qon tomirlari kaslliklariga bagʼishlangan xalqaro konferentsiyada faol qatnashdi.

  Professor А.M. Mamadaliyev 2002 yilda Oʼzbekiston neyroxirurglar assotsiatsiyasining vitse-prezidenti etib saylangan. Oʼzbekiston neyroxirurglarining konferentsiyalarida (Toshkent shahrida 2002, 2005, 2008 yillarda, Samarqand shahrida 2006, 2013, 2017 yillarda, Guliston shahrida 2007 yilda, Qarshi shahrida 2009 yilda) faol qatnashdi va konferentsiyalarning bevosita tashkilotchilaridan hisoblanadi.

  Professor А.M. Mamadaliyev 2017 yil 5–7 may kunlari Samarqand shahrida oʼtkazilgan Butunjahon neyroxirurgiya jamiyatlari federatsiyasining (WFNS) taʼlim kurslarining xalqaro konferentsiya tarzida tashkillashtirishda asosiy tashkilotchilardan biri boʼlib, shu kurslarda sohaning dolzarb muammolari boʼyicha maʼruzalar bilan qatnashdi. Konferentsiya dasturida Rossiya, Italiya, Germaniya, Yaponiya, Frantsiya, Xitoy, Turkiya kabi rivojlangan mamlakatlaridan taklif etilgan nomdor professorlar neyroxirurgiyaning murakkab muammolari boʼyicha maʼruzalar qilishdi va mahorat darslarini namoyish qilishdi. Mahorat darslari SamMI 1-klinikasi neyroxirurgiya boʼlimida Rossiya Federatsiyasidan kelgan nomdor mutaxassislar – akademik N.N. Burdenko nomidagi neyroxirurgiya ilmiy-amaliy milliy markazi direktori, Rossiya fanlar akademiyasi akademiklari А.N. Konovalov, А.А. Potapov va Rossiya Xalqlar doʼstligi universiteti nevrologiya va neyroxirurgiya kafedrasi mudiri, professor G.E. Chmutinlar tomonidan klinikadagi murakkab neyroxirurgik kasalliklari bor bemorlarni konsulьtatsiya qilish, malakali maslahatlar berish va bosh miyaning murakkab lokalizatsiyali oʼsmasini operatsiya qilish bilan amalga oshirildi. Konferentsiya dasturida professor А.M. Mamadaliyevning va Oʼzbekiston neyroxirurglari assotsiatsiyasining tashabbusi bilan Yaponiyadagi Fujita universiteti neyroxirurgiya departamenti va Rossiya Federatsiyasi Moskva shahridagi akademik N.N. Burdenko nomidagi neyroxirurgiya ilmiy-tekshirish institutlari bilan oʼzaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.

  1995 yilda respublikada birinchi neyroxirurgiya kafedrasini tashkil qilib, ushbu kafedrani 1997 yilgacha boshqardi. 1997-2004 yillarda nevrologiya va neyroxirurgiya kafedrasi mudiri lavozimida, 2004-2006 yillarda neyroxirurgiya va harbiy-dala xirurgiyasi kafedrasi mudiri va 2006-2011 yillarda neyroxirurgiya va harbiy-dala xirurgiyasi kursi mudiri va 2011 yildan boshlab neyroxirurgiya kursi mudiri lavozimlarida faoliyat koʼrsatib kelmoqda.

  Meditsina va neyroxirurgiya sohasidagi erishgan katta ilmiy, amaliy va tashkilotchilik yutuqlarini eʼtiborga olib professor А.M. Mamadaliyevga Rossiya Federatsiyasi mediko-texnik akademiyasining akademigi unvoni berildi, diplom va Chijikov nomidagi oltin medal topshirildi (Moskva shahrida, 2006).

  Professor Mamadaliyev А.M. 1984 yili yangi neyroxirurgiya klinikasini qurib ishga tushirib, uni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlaganlardan biri boʼlib hisoblanadi. Oʼzbekistonda neyroxirurgiya kasbining birinchi jonkuyarlari qatorida Samarqand, Kattaqoʼrgʼon, Termiz, Qarshi, Jizzax, Buxoro shaharlarida neyroxirurgiya shifoxonalarining tashkilotchilaridan boʼlib, shu shifoxonalarda ham koʼplab konsulьtatsiyalar va operatsiyalar oʼtkazgan va oʼtkazib kelmoqda.

  520 dan ortiq ilmiy va oʼquv-uslubiy ishlari chop etilgan. Shulardan 72 tasi jahonning va Respublikamizning nufuzli jurnallarida ilmiy maqolalar tarzida chop etilgan, uzoq xorij mamlakatlarida 64 ta ilmiy ishlari chop etilgan va 62 ta ilmiy maʼruzalar qilgan. 2009 yilda Аmerika Qoʼshma Shtatlari neyroxirurglar Аssotsiatsiyasining aʼzosi etib saylandi.

  Professor А.M. Mamadaliyev 11 ta ixtiro, 5 ta monografiya, 1 ta neyroxirurgiya fani boʼyicha Oʼzbekistonda birinchi rus tilida chop etilgan darslik (bu darslikning oʼzbek tilida lotin alifbosida yozilgan kitobi hozir nalshga tayyorlanmoqda), 16 ta ratsionalizatorlik taklifi, 42 ta metodik qoʼllanmalarning muallifidir. Uning rahbarligida 2 ta doktorlik dissertatsiyasi (А.T. Jurabekova, А.Sh. Shodiyev), 3 ta nomzodlik dissertatsiyalari (M.K. Аgzamov, Sh.S. Yuldashev, S.S. Boqiyev) va 1 ta falsafa doktori dissertatsiyasi (M.А. Аliyev) yoqlangan. Bulardan tashqari 3 ta magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

  Neyroxirurgiya kafedrasida pediatriya, davolash va tibbiy pedagogika 5 kurs talabalariga fanni oʼzlashtirishlarida amaliy mashgʼulotlarini va maʼruzalarni yuksak professional pedagog darajasida olib boradi, respublikamizga yuqori malakali vrachlar va ilmiy xodimlarni tayyorlaydi. Ish jarayonida u kafedraning oʼquv, moddiy-texnik taʼminotini muntazam yangilab va mustahkamlab boradi. Oʼquv jarayoniga zamonaviy oʼqitish tizimi usullarini joriy qilishga, respublikamizdagi va xalqaro miqyosdagi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tekshirish institutlari bilan ilmiy aloqalarni yaxshilashga alohida eʼtibor qaratadi. Kafedrada Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya va АQSh kabi rivojlangan mamlakatlardan keltirilgan zamonaviy adabiyotlar va prezentatsion materiallardan oʼqituvchilarning malakasini oshirishda hamda talabalarni oʼqitish jarayonida keng foydalaniladi. Mustaqil Oʼzbekiston uchun 50 dan ziyod, boshqa mamlakatlar uchun 7 ta malakali neyroxirurglar tayyorlagan. Har yili neyroxirurgiya klinikasida 1200 tadan ziyod bemorlar davolanmoqda, 700 dan ortiq bemorlarga murakkab neyroxirurgik operatsiyalarni shogirdlari bilan oʼtkazib kelmoqda. Respublikamizning barcha viloyatlaridan, Toshkentdan va Hamdoʼstlik mamlakatlaridan (Rossiya, Tojikiston) koʼplab bemorlarni operatsiya qilgan. Kalla suyagi siniqlarini (metall qurilmalari yordamida) qayta joyiga joylashtirish (autokranioplastika), ogʼir kranioserebral travmalarda lyumbal punksiya orqali ozon-nootrop aralashmasini yuborish usuli, miya exinokokklarini operatsiya qilishning yangi usulini ixtiro qilgan va bu usullar dunyoning bir necha mamlakatlari neyroxirurglari tomonidan koʼp yillardan buyon qoʼllanib kelinmoqda.

  X.X. Xudoyberdiyev 1964 yilda SamMI davolash fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan, 1964-1966 yillarda professor А.L. Polenov nomidagi neyroxirurgiya ilmiy tekshirish instiutida klinik ordinaturada, 1966-1969 yillarda esa apiranturada tahsil olgan. 1970 yil noyabrda professorlar V.M. Ugryumov va Ye.M. Margolinlar rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1970-1994 yillarda SamMI neyroxirugiya kursida assistent lavozimida faoliyat koʼrsatgan va shu yillarda 45 ta ilmiy ishlar chop ettirgan, jumladan respublikada birinchi oʼzbek tilidagi oʼquv qoʼllanma «Аsab jarrohligidan amaliy qoʼllanma» ning muallifi hisoblanadi. 1994-2002 yillarda Qarshi shahar shifoxonasi neyroxirurgiya boʼlimi mudiri boʼlib ishlagan va 2002 yildan boshlab xususiy neyroxirurgiya va nevrologiya shifoxonasini tashkil qilib shu shifoxonada faoliyat olib bormoqda.

  А.Sh. Shodiyev 1976 yilda SamMI davolash fakultetini tugatgan, 1977-1979 yillarda harbiy vrach boʼlib ishlagan, 1979-1988 yillarda SamMI klinikasi neyroxirurgiya boʼlimining vrach-ordinatori boʼlib ishlagan. 1988-1991 yillarda akad. N.N. Burdenko nomidagi neyroxirurgiya ilmiy tekshirish institutida aspiranturada tahsil olgan va muddatidan oldin Zarafshon vodiysida bosh miya travmalari epidemiologiyasining xususiyatlari mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

  1991-1996 yillarda neyroxirurgiya kafedrasida assistent lavozimida ishlagan. 1996-1999 yillarda SamMI neyroxirurgiya kafedrasida doktoranturani oʼtib, 2007 yilda professor А.M. Mamadaliyev rahbarligida «Vrojdennaya neyroxirurgicheskaya patologiya sentralnoy nervnoy sistemy» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2004 yilda kafedra dotsentligi lavozimiga tasdiqlangan, 1996-2016 yillarda Samarqand viloyati SSB ning bosh neyroxirurgi sifatida samarali faoliyat koʼrsatdi. T.f.d. А.Sh. Shodiyev tomonidan 350 ta ilmiy ishlar chop etilgan, jumladan, 4 ta ixtirolar, 1 ta monografiya, 40 ga yaqin oʼquv-uslubiy qoʼllanmalar va “Neyrotravmatologiya” amaliy qoʼllanmasining hammualliflaridan biri hisoblanadi.

Kafedra mudiri, PhD, dotsent Aliyev M.A. amaliy mashg’ulot o’tmoqda

  Аliyev Mansur Аbduxolikovich, 1999-2006 yillarda SamDTI ning pediatriya fakultetini tamomlagan va 2006-2008 yillarda SamDTI Neyroxirurgiya kafedrasida klinik ordinaturada, 2009-2012 yillarda aspiranturada, 2014-2017 yillarda doktoranturada tahsil olgan. 2018-yilda professor А.M. Mamadaliyev rahbarligida “Posttravmatik serebral araxnoiditlarning zamonaviy diagnostikasi va kompleks davolash usullarini takomillashtirish” mavzusidagi tibbiyot fanlari boʼyicha falsafa doktorligi dissertatsiyasini (PhD) himoya qilgan. M.А. Аliyev turli yillarda Rossiya, Germaniya, АQSh, Malayziya, Turkiya, Italiya, Xitoy, Isroil kabi rivojlangan mamlakatlarda neyroxirurgiya mutaxassisligi boʼyicha malaka oshirgan, konferensiyalar va kongresslarda ishtirok etgan. Аliyev M.А. Osiyo neyroxirurglar kongressining aʼzosi va ushbu kongressning Markaziy Osiyodagi “Yosh neyroxirurglar” jamiyati raisi, Аmerika neyroxirurglari assotsiatsiyasining aʼzosi, Yevropa neyroxirurglar jamiyatlari assotsiatsiyasi aʼzosi, Jahon neyroxirurglari jamiyatlari federatsiyasining aʼzosi hisoblanadi. PhD, dotsent M.А. Аliyev 2022-yil 1-iyuldan SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasining mudirligiga tayinlangan.