Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bugungi kunda atrof muhitni asrash, ekologiyani yaxshilash va inson salomatligi yo‘lida amalga oshirilayotgan umumxalq harakatiga aylanib ulgurdi. Jumladan, 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi bu harakatga yanada keng tus berdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Joriy yilning 15-mart kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham Respublika miqyosida tashkil etilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ommaviy ko‘chat ekish tadbirlari o‘tkazildi.
SamDTU huzuridagi L.M.Isaev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti hududida “Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi...!” shiori ostida tashkil etilgan ommaviy tadbir universitet rektori, Jasur Rizayev boshchiligida ko‘tarinkilik va uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Markaz hududida 500 tup manzarali va 250 tupdan ziyod mevali ko‘chatlar o‘tqazilib, “Ziyolilar bog‘i” tashkil etildi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi keng ishlar nafaqat atrof muhit va ekologiyani yaxshilashga, balki, inson salomatligini mustahkamlashga ham zamin yaratadi.
SamDTU Matbuot xizmati