×
Menu
Close Menu

​“Abu Ali ibn Sino – tibbiyot javohiri” III xalqaro xalq tabobati bo‘yicha ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

  Joriy yilning 11-12-oktyabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Samarqand davlat tibbiyot Universiteti va Ibn Sino jamoat fondi bilan hamkorlikda Abu Ali Ibn Sino tavalludining 1044-yilligiga bag‘ishlangan III Xalq tabobati bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

  Jahon tibbiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk bobokalonimiz merosini o‘rganish va keng tatbiq qilishga qaratilgan anjumanda yurtimiz  hamda Koreya, Hindiston, Eron, Turkiya, Avstriya, Rossiya kabi 12 ta mamlakatdan ellikdan ortiq mutaxassislar ishtirok etdi.

  Anjumanning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari  Elmira Basitxanova bobokalonimiz  Abu Ali Ibn Sino faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tib, tashkil etilayotgan mazkur nufuzli konferensiyaning ahamiyati xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev hamda Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimxon Maxmudovlar ham o‘z so‘zida tib ilmining sultoni Abu Ali Ibn Sinoning ko‘p qirrali va bugungi kun uchun o‘ta hamiyatli bo‘lgan faoliyatiga yuksak baho berib, barcha anjuman ishtirokchilariga omad tiladilar.

  Anjuman doirasida xorijlik mutaxassislar tomonidan mahorat darslari, amaliy ko‘nikmalar namoyish etildi. Shuningdek, “Abu Ali ibn Sino ta’limoti va hadislarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdagi o‘rni”, “Ibn Sinoning an’anaviy tibbiyot g‘oyasini O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga joriy etish”, “Xalq tabobatida dorivor o‘simliklarni standartlashtirishning dolzarb masalalari”, “Turkiya dorivor o‘simliklari haqida ma’lumot”, “An’anaviy tibbiyotning yaxlit asoslari” boshqa bir qator dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar qilinib, fikr va mulohazalar tinglandi.

  “Abu Ali ibn Sino – tibbiyot javohiri” III xalqaro xalq tabobati bo‘yicha ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir qator kelishuvlarga ham erishildi. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Janubiy Koreyaning “Komsta” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan memorandum imzolandi.

  Tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman ulug‘ bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning jahon tabobati, san’ati va adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etish, uning boy ilmiy merosini o‘rganish va yosh avlodga o‘rgatish, ibn Sinoning tibbiyotda ilgari surgan g‘oyalarni mamlakatimiz va jahon tibbiyoti amaliyotiga joriy qilish, shuningdek, xalqaro do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.


SamDTU Matbuot xizmati