Joriy yilning 30-sentyabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Raxit va anemiya kasalligi profilaktikasi va davolash: o‘tmishdan kelajakka” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjumanni Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev kirish so‘zi bilan ochib berib, mazkur anjuman bugungi kunda dunyo mamlakatlarining ko‘pchilik qismida dolzarb bo‘lib turgan bolalar kamqonligi va raxit kasalliklari profilaktikasi, oldini olish va davolashdagi qo‘lga kiritilgan yutuqlar, ilmiy yangiliklarni baham ko‘rish, shuningdek, tibbiyot va ta’lim integratsiyasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniyev hamda Niderlandiya qirolligining O‘zbekistondagi faxriy konsuli Xyugo Minderxud tashkil etilayotgan konferensiyaning nafaqat viloyat, balki, butun Respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, bu keng qamrovli tadbir xalqaro aloqalarning ham yanada rivojlanishiga zamin yaratishini aytib o‘tdilar.
Anjumanda “Temir moddasi tanqisligi va anemiya kasalliklari bo‘lgan bolalarga psixologik yordam”, “O‘zbekiston va Niderlandiya uzoq yillik hamkorligi”, “Gipovitaminoz D ning oldini olishdagi yangicha usullar” va boshqa bir qator dolzarb mavzular yuzasidan ma’ruzalar qilinib, fikr almashildi.
Shuningdek, Anjuman doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev hamda Amsterdam universiteti vrach-pediatri, professor Robert Pereyra o’rtasida uchrashuv tashkil etilib, sohaga doir bir qancha istiqbolli hamkorlik loyihalari muhokama qilindi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Sharqiy Yevropa bolalar uchun tibbiy yordam hamjamiyati hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjuman yurtimizda bolalar salomatligini mustahkamlash, ularda raxit va anemiya(kamqonlik) kasalliklari profilaktikasini kuchaytirish va davolashda hamda erishilgan ilmiy yutuqlarni tibbiy ta’limga joriy qilishda yangi bosqichni boshlab beradi.
SamDTU Matbuot xizmati