Joriy yilning 24-27-sentyabr kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “Birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi” bo‘lib o‘tmoqda.
Forumda Respublikamiz hamda Italiyaning ko‘plab oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etmoqda. Forum doirasida bir qator hamkorlik memorandumlar imzolanmoqda. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Italiyaning Piza universiteti o‘rtasida ham o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan memorandum imzolandi.
Ma’lumot uchun, Joriy yilning iyul oyida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev Italiyaga rasmiy tashrifi davomida Piza universiteti rektori Riccardo Zucchi bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilingan edi. Imzolangan memorandumga ko‘ra ikki oliygoh o‘rtasida talaba hamda professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini tashkil etish, uzoq va qisqa muddatli amaliyotlarni yo‘lga qo‘yish hamda o‘quv dasturlari integratsiyasi bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishildi.
Eslatib o‘tamiz, “Birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi” 25-27-sentyabr kunlari Buxoro va Samarqand viloyatlarida davom etadi.
Manba: https://gov.uz/edu