Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda chekka hududlardagi aholi qatlamini sog‘lomlashtirish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot universiteti ishchi guruhi tomonidan viloyatdagi uzoq bo‘lgan hududlarda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, 13-sentyabrda Qo‘shrabot tumanining olis hududi hisoblangan Jo‘sh MFY dagi 6000 aholiga ega punktdagi tibbiyot birlashmasida 300 ga yaqin aholi SamDTUning malakali terapevt, xirurg, ginekolog, onkolog, nevropatolog, lor, pediatr va oftalmologlari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, kerakli ko‘rsatmalar berildi. Tashxis natijalariga ko‘ra 12 nafar bemorga SamDTUning Ko‘p tarmoqli klinikasi va Ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikalariga yo‘llanmalar berildi. Mazkur tibbiy ko‘riklardan ko‘zlangan yana bir maqsad imkoniyati cheklangan aholi qatlamiga qulay tibbiy xizmatni taqdim qilish, 4- va 3-xavf guruhidagi bemorlar bilan doimiy tekshiruv va davolanishlarni yo‘lga qo‘yish orqali hayot sifatini yaxshilashdan iborat. Kelgusida hudud aholisini to‘liq tibbiy tekshiruv bilan qamrab olish nazarda tutilgan.
Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Qo‘shrabot tuman tibbiyot birlashmasida xodimlar uchun darslar tashkil etildi. Jumladan, SamDTU DKTF otorinolaringologiya kafedrasi o‘qituvchisi, t.f.n. Xamraev Farid Xamidullaevich hamda Ne’matov Uktam Suyunovichlar tomonidan ma’ruzalar qilinib, yuzaga kelgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Mazkur darslar tizimli ravishda davom ettirilib, tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari malakasini yanada oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari Samarqand davlat tibbiyot universitetining malakali tibbiy xodimlari ishtirokida ko‘plab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda shuningdek, tumanda ilk bor murakkab travmatologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Chap katta boldir suyagi tashqi kondulisini burchakli stabillovchi plastika yordamida osteosintez qilish amaliyoti muvaffaqiyatli tarzda bajarildi. Ushbu kamyob amaliyotning afzallik tomoni shundaki, operatsiyadan keyingi davrda bemorga gips bog‘lamlari qo‘yilmaydi va ko‘plab asoratlarning oldi olinadi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va ishchi guruhi tomonidan viloyatning chekka hududlarida amalga oshirilayotgan ushbu keng ko‘lamli va tizimli vazifalar aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
Tumandagi tibbiy ko‘rik va murakkab turdagi operatsiyalar, davolash profilaktika ishlari oy davomida amalga oshirilib kelinadi.
SamDTU Matbuot xizmati