Joriy yilning 9-sentyabridan barcha oliy ta’lim muassasalarida yangi 2024-2025-o‘quv yili boshlandi. Shu jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham yangi o‘quv yili bayramona kayfiyatda boshlandi. Erta tongdan SamDTU yangi o‘quv binosida tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar. Tadbirda so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev barcha talabalarni yangi o‘quv yili bilan tabriklab, ularning kelgusi o‘qishlarida omadlar tiladi.
Shuningdek, 1-bosqich talabalari universitetning o‘quv va laboratoriya xonalari hamda ularda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Birinchi bosqich talabalari universitet tarixi muzeyiga ham tashrif buyurib, oliygohning tashkil topishi, rivojlanishi hamda uning qiziqarli tarixi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Dastlabki darslar “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostidagi mustaqillik darslari sifatida tashkil etilib, erk va mustaqilligimiz yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasi yod etildi. Shuningdek, mustaqillikning ulug‘ ne’mat ekanligi, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar aynan mustaqilligimiz sharofati ekani ta’kidlandi.
SamDTU Matbuot xizmati