Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Samarqand davlat tibbiyot universiteti qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish istagini bildirgan talabalar uchun dastlabki imtihonlar bo‘lib o‘tdi

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti bir qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti (Rossiya), Altay davlat tibbiyot universiteti (Rossiya), Slupskdagi Pomorsk universitet (Polsha) bilan hamkorlikdagi davolash ishi, pediatriya ishi, stomatologiya hamda O‘zbekiston Respublikasida yagona bakalavriat yo‘nalishi bo‘lgan Kosmetologiya yo‘nalishlari bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturlariga ikki yuzdan ortiq hujjatlar qabul qilindi.

  Joriy yilning 27-avgust kuni mazkur qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar uchun dastlabki imtihonlar o‘tkazildi. Imtihonlar SamDTU Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Z.Z.Aminov va Qo‘shma ta’lim fakulteti dekani D.Sh.Abduraxmanovlar tomonidan ochib berildi. Imtihon jarayonlarida 205 nafar abituriyentlar biologiya, kimyo va rustili bloklari bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi.

  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi  tomonidan, 06.07.2021-yilda “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VA XORIJIY HAMKOR OLIY TA’LIM TASHKILOTLARINING QO‘SHMA TA’LIM DASTURLARI ASOSIDA TA’LIM FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA” gi 421-son qarorda Qo‘shma ta’lim dasturlariga o‘qishga qabul qilish ikki bosqichda bo‘lib, birinchi bosqichda — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tashkiloti tomonidan xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkiloti bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan qabul qilish tartibiga muvofiq kirish imtihonlari o‘tkazilishi belgilangan. Imtihonning keyingi bosqichlari hamda natijalari Samarqand davlat tibbiyot universitetining rasmiy web saytida e’lon qilib boriladi.

  Ma’lumot uchun: Bugungi kunda Samarqand davlat tibbiyot universiteti Qo‘shma ta’lim fakultetida 300 dan ortiq talabalar 6 ta qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olib kelmoqda. Samarqand davlat tibbiyot universiteti 2024-2025-o‘quv yilida bakalavriat uchun Rossiya Federatsiyasi bilan 6 ta (Davolash ishi, Pediatriya ishi, Stomatologiya, Farmatsiya, Klinik psixologiya), Xitoy Respublikasi, Shinjon tibbiyot universiteti bilan 1 ta (Fundamental tibbiyot), Tojikiston Respublikasi, Abuali ibn Sino nomidagi Tojik davlat tibbiyot universiteti bilan 1 ta (davolash ishi), Amerika Qo‘shma Shtatlari Webster universiteti bilan 1 ta (hamshiralik ishi) yo‘nalishlar ochish reja qilingan. Shuningdek, Klinik ordinatura bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti bilan 19 ta, Belarus Respublikasi, Vitebsk Davlat tibbiyot universiteti bilan 10 ta, Belarus Respublikasi, Belarus Davlat tibbiyot universiteti bilan 10 ta yo‘nalish bo‘yicha bitiruvchilarni qabul qilish rejaga kiritilgan.


SamDTU matbuot xizmati