Oldin xabar berganimizdek joriy yilning 12-16-avgust kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida universitetida "Tibbiyot oliygohlari talabalarining xalqaro yozgi maktabi" bo‘lib o‘tdi.
Talaba yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning ilmiy va g‘oyaviy intilishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda millatlararo o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan yozgi maktabda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiya Federatsiyasining yigirmadan ziyod tibbiyot oliygohlaridan ellikdan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Xalqaro yozgi maktab doirasida ishtirokchilar Samarqand davlat tibbiyot universiteti va undagi sharoitlar, ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishdilar. Talabalar o‘zlariningilmiy ishlari bilan ma’ruzalar qilib, o‘zaro fikr almashdilar. Shuningdek, talabalar o‘rtasida turli sport musobaqalari, mahorat darslari va ma’ruzalar, Samarqandning diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar uyushtirildi.
Yakunda xalqaro yozgi maktabning bayramona yopilish marosimi tashkil etildi. Unda Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev so‘zga chiqib, mazkur yozgi maktabning talaba yoshlar uchun o‘ziga xos bilim, tajriba va o‘z iqtidorlarini namoyon qilishlari uchun maydon vazifasini o‘tash bilan birga turli millat yoshlari o‘rtasida o‘zaro do‘stona aloqalarning shakllanishi va mustahkamlanishiga ham zamin yaratishini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir davomida yozgi maktab doirasidagi loyihalar va bellashuvlarda faol ishtirok etgan hamda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalarga diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Shuningdek, "Tibbiyot oliygohlari talabalarining xalqaro yozgi maktabi" ishtirokchilari o‘zlarining iliq taassurotlarini yig‘ilganlar bilan o‘rtoqlashib, tashkilotchilarga o‘z tashakkurlarini bildirdilar.
Tadbir bayramona kuy-qo‘shiqlar va talabalarning chiqishlari bilan davom etdi.
SamDTU matbuot xizmati