Joriy yilning 17-iyunidan 26-iyunigacha Samarqand shahrida ilk marotaba, Samarqand davlat tibbiyot universitetida Rossiyaning yetakchi universitetlaridan biri – Patris Lumumba nomidagi Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) shafeligida Xalqaro yozgi maktab bo‘lib o‘tdi. (RUDN). Yozgi maktab “Ko‘p madaniyatli auditoriyada rus tilini o‘qitishning zamonaviy amaliyoti” rus tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi bo‘yicha malaka oshirish kurslari shaklida o‘tkazildi va rektor professor J.A.Rizayevni bevosita tashabbusi bilan tashkil etildi. O‘quv kurslar Rossiya ta’lim va fan vazirligi ko‘magida o‘tkazildi va ularda viloyatdagi turli oliy o‘quv yurtlari, akademik litsey va tibbiyot texnikumlaridan 50 dan ortiq rus tili va adabiyoti o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Yozgi maktab davomida RUDN universitetining rus tili kafedrasi dotsentlari - Yuliya Nikolaevna Biryukova va Lyudmila Vyacheslavovna Apakinalar tillar sohasidagi mavjud vaziyat bo‘yicha ma’ruzalar qildilar, raqamli texnologiyalardan foydalanish, rus tilida so‘zlashmaydigan talabalarni o‘qitish, interaktiv ta’lim shakllari bo‘yicha mahorat darslari va kommunikativ seminarlar o‘tkazdilar. O‘tilgan barcha mavzular amaliyotga yo‘naltirilgan bo‘lib, o‘quv jarayoni samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, SamDTU talabalari uchun rus tilini o‘rganish bo‘yicha “Ta’lim va karyera uchun rus tili: muvaffaqiyatli muloqot strategiyalari” mavzusida intensiv kurs o‘tkazildi.
Barcha kurs ishtirokchilar xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishdi.
Rossiya oliygohini vakillari SamDTUda bo‘lishlari davomida chet ellik talabalarga rus tilida nutq faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy qo‘llanma va darsliklarni universitet kutubxonasiga taqdim etdilar.
SamDTU matbuot xizmati