Samarqand davlat tibbiyot universiteti bugungi kunda dunyoning ko‘plab yetakchi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatib kelmoqda. Jumladan, Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti bilan ham do‘stlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, birgalikda ilmiy va ta’limiy loyihalar, anjumanlar o‘tkazilib kelinadi.
Joriy yilning 22-iyun kuni Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti Rektori Kamalettin Aydin boshchiligidagi delegatsiya Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev kutib oldi. Tashrif doirasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda ikki oliygoh o‘rtasida amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy loyihalar, ta’lim dasturlari va akademik almashinuvlar borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, xususan, kelgusida hamkorlikda tibbiyot yo‘nalishida yangi qo‘shma ta’lim dasturini amalga oshirish masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.
Uchrashuv so‘ngida universitet rektori, professor Jasur Rizayev mehmonlarga mustahkam do‘stlik va qardoshlik aloqalaring ramzi sifatida esdalik sovg‘asini topshirdi.
SamDTU matbuot xizmati