Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​SamDTU Ko‘p tarmoqli klinikasi Neyroxirurgiya bo‘limida nevralgiyalarni xirurgik davolash bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi

  2024-yil 5-may kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ko‘p tarmoqli klinikasi Neyroxirurgiya bo‘limi va kafedrasida Turkiyaning Izmir shahridagi Bakirchay universiteti klinikasi Algologiya Departamenti professori Edip Gonullu ishtirokida uch nafar bemorlardagi “Uch shoxli nerv nevralgiyasi”ni Gasser tugunlarini miniinvaziv usulda radiochastotali ablyatsiya qilish operatsiyalari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu bemorlarning barchasida ko‘p yillar davomida uch shoxli nervlarining surunkali nevriti tufayli nevralgik og‘riqlar bezovta qilib, hayot sifatini yomonlashtirib kelgan. Operatsiyalardan keyin barcha bemorlarda ijobiy natijalar qayd etildi va bemorlar uzoq yillardan buyon azoblagan og‘riqdan xalos bo‘ldilar.

  Operatsiyalar o‘tkazilishi uchun klinika yetarli jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, kafedraning Izmir shahridagi yetakchi mutaxassislar bilan hamkorlik qilish rejalari asosida ushbu operatsiyalar mahorat darslari sifatida tashkil etildi. Mahorat darslarida Neyroxirurgiya va reanimatologiya-anesteziologiya kafedralarining yosh assistentlari, klinik ordinatorlar, bakalavriat talabalari faol qatnashdilar. Algologiya – tibbiyotning yangi yo‘nalishi sifatida faol rivojlanayotgan sohasi hisoblanadi va organizmdagi barcha turdagi og‘riqlarini o‘rganish, konservativ va xirurgik davolash usullarini tadbiq etadi. SamDTU neyroxirurgiya kafedrasida ham bu sohani rivojlantirish, kelgusida shu yo‘nalishdagi tor mutaxassislar tayyorlash, og‘riq sindromlarini miniinvaziv usulda xirurgik davolash yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.


SamDTU matbuot xizmati