×
Menu
Close Menu

​“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida taniqli adiblar bilan uchrashuv o‘tkazildi

  Joriy yilning 24-aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida viloyatimiz adabiy muhitiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan adiblarimiz bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.

    Tadbirga “Guliston” jurnali bosh muharriri Mamatqul Hazratqulov, "Jamiyat" gazetasi bosh muharriri Maqsud Jonixonov hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Zuhrabegim Eshonqulovalar mehmon sifatida tashrif buyurib, universitet hamda unda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Tadbirning asosiy qismida talabalar bilan suhbat tashkil etildi. Uchrashuv davomida mehmonlar o‘zlarining hayot yo‘llaridan misol keltirgan holda yoshlarimizni ilmi-ma’rifatli va ona vatanimizga muhabbatli insonlar bo‘lishga chorlab, ijodlaridan namunalar taqdim qildilar.

    Tadbir davomida talabalar ham o‘z she’riy va badiiy chiqishlari bilan davraga ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar. Talabalar adabiyot, san’at va madaniyat haqidagi savollarga ustozlar tomonidan javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

    Shuningdek, mehmonlar bilan birgalikda SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev boshchiligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida universitet binosi atrofiga manzarali ko‘chatlar ekildi.

    “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida mehmon adiblar SamDTU ga biriktirilgan maktablarga ham tashrif buyurib, o‘quvchilar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazdilar. O‘z chiqishlari bilan mehmonlarga manzur bo‘lgan maktab o‘quvchilariga kitoblar taqdim qilindi.

    Adiblar bilan tashkil etilgan mazkur keng qamrovli uchrashuvlar yosh avlodni ilmli, ma’rifatli hamda madaniyati yuksak inson bo‘lib voyaga yetishiga o‘z hissasini qo‘shadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.


SamDTU matbuot xizmati