×
Menu
Close Menu

​“II Yosh psixiatr va narkologlarning bahorgi Samarqand ilmiy maktabi” nomli xalqaro ilmiy-ta’lim loyihasi ish boshladi

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 13.02.2019-yildagi 4190-sonli "2019 — 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi, 16.05.2022-yildagi 244-sonli "Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi, 19.06.2023-yildagi 196 sonli "Aholining ruhiy sog‘liqni saqlash xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 23-26-aprel kunlari “II Yosh psixiatr va narkologlarning bahorgi Samarqand ilmiy maktabi” nomli xalqaro ilmiy-ta’lim loyihasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

  Bugun Samarqand davlat tibbiyot universitetida mazkur loyihaning ochilish marosimi hamda yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.  Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy ruhiy salomatlik tibbiyot markazi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda O‘zbekiston psixiatrlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan anjumanda loyihasida nafaqat mahalliy yetakchi olimlar, balki yaqin va uzoq xorij mamlakatlari, Fransiya, Shveysariya, Vengriya, Shvetsiya, Germaniya, Niderlandiya, Hindiston, Amerika, Turkiya, Belarusiya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston yetakchi mutaxassislari ishtirok etmoqda.

  Anjumanni Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev ochib berdi hamda loyihaning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, anjumanda  O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash Vaziri Asilbek Anvarovich Xudayarov ham online tarzda ishtirok etib, mazkur loyihaning Respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimida ijobiy o‘zgarish qilishini ta’kidladi.

  Tadbir doirasida zamonaviy psixiatriya va narkologiyaning dolzarb muammolari muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu kasalliklarni tashxislash va davolashning yangi usullari, sohada raqamlashtirish va sun’iy intellekt qo‘llanilish istiqbollari namoyish etildi. Psixiatriya - narkologiya yo‘nalishida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga, sog‘liqni saqlash sohasidagi yangiliklarni joriy etishga, inson resurslarini, shu jumladan ilmiy potensialni mustahkamlash, zamonaviy talabga barqaror javob berish uchun sharoitlar yaratish va amaliyotga tatbiq etish, shu jumladan kasalliklarni erta tashxislash tizimi va bemorlarning sog‘lig‘ini masofadan turib monitoring qilish, translyatsion tibbiyotni rivojlantirishga doir masalalar muhokama qilindi.

  Ilmiy maktab dasturida plenar va seksion majlislari o‘tkaziladi. Tadbirda 100 dan ortiq yosh psixiatr va narkologlar o‘qitiladi. II “Samarqand bahorgi yosh psixiatr va narkologlar ilmiy maktabi” yosh olimlarning ilmiy faolligini oshirish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ilmiy g‘oyalar almashishi uchun sharoit yaratish minbariga aylanadi.


SamDTU matbuot xizmati