×
Menu
Close Menu

Turkiyaning Atatürk universiteti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

  Samarqand davlat tibbiyot universitetiga Turkiyaning Atatürk universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Atatürk universiteti rektori professor Ömer COMAKLI, universitet prorektori, professor Medine GULLUCE, Xalqaro idora rahbari professor Taskin OZTAS hamda Yevroosiyo Ipak yoʻli tadqiqot markazi direktori professor Ali Caglar GULLUCElardan iborat mehmonlarni SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev kutib oldi.

  Tashrifdan maqsad ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, amaliy tibbiyot hamda taʼlim sohasida zamonaviy texnologiya va usullardan foydalangan holda birgalikdagi loyihalarni amalga oshirishdan iborat boʻlib, uchrashuv davomida bir qator kelishuvlarga erishildi.

  Jumladan kelgusida SamDTU va Atatürk universiteti oʻrtasida sport tibbiyoti hamda transplantologiya yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlashda, malaka oshirish va ilmiy izlanishlarni olib borish borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda akademik mobillikni amalga oshirish boʻyicha memorandum imzolandi. Shuningdek, kelgusida SamDTU qoshidagi 3 ta ilmiy-amaliy markaz va 1 ta ilmiy tadqiqot institutlarining Atatürk universiteti klinikalari bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish ham koʻzda tutilgan.

  Maʼlumot oʻrnida aytish joizki Atatürk universiteti Turkiyaning eng qadimgi oliygohlaridan biri boʻlib, 1957-yilda tashkil topgan. Universitet jahon universitetlari reytingida kuchli 500 talikdan, Turkiya reytinglarida esa top 10 talikdan joy egallagan. Oliygohda 480 mingdan ortiq talaba mavjud boʻlib, taʼlim jarayonlari jahon tajribalaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.


SamDTU matbuot xizmati