2023-yil 26-iyulda Samarqand davlat tibbiyot universiteti neyroxirurgiya kafedrasi tomonidan Turkiyaning Izmir shahridagi Bakırçay üniversitesi tibbiyot fakultetini professori Edip Gönüllü ishtirokida “Ogʻriq sindromini davolashning zamonaviy usullari” xalqaro ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Unda 40 ga yaqin mutaxassislar, jumladan neyroxirurglar, nevropatologlar, magistratura rezidentlari, klinik ordinatorlar va talabalar faol qatnashdilar.
Seminarda professor Edip Gönüllü turli ogʻriqlarning paydo boʻlishiga sabab boʻluvchi umurtqa pogʻonasi va boʻgʻimlar kasalliklari, uch shoxli nerv va boshqa periferik nervlar nevralgiyalari, amputatsiyadan keyin kuzatiluvchi fantom ogʻriqlar kabilarda ogʻriqni kamaytirish va yoʻqotishning zamonaviy usullari haqida oʻz tajribasini prezentatsiya orqali turli klinik misollar bilan namoyish qildi.
Dastur davomida hozirgi kunda neyroxirurgiya amaliyotida ogʻriq qoldirishda qoʻllaniluvchi radiochastotali ablyatsiya apparatining ishlash prinsipi bevosita apparat va elektrodlari yordamida ishtirokchilarga taqdim qilindi va master-klass oʻtkazildi.
SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi mudiri, PhD, dotsent M.A. Aliyev, t.f.d., dotsent A.Sh. Shodiyev va assistent Z.T. Husanovlar apparatning ishlash prinsipini amalda bajarib koʻrdilar.
Seminar juda koʻtarinki ruhda oʻtdi va ishtirokchilar tomonidan berilgan koʻplab savollarga tajribalar va misollar asosida javob berildi.
Seminar soʻngida SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi va Turkiyaning Izmir shahridagi Bakırçay üniversitesi oʻrtasida kadrlar tayyorlash, funksional neyroxirurgiyani rivojlantirish va operatsiyalarni bevosita universitetimiz klinikasida oʻtkazish boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
SamDTU Matbuot xizmati