Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi va klinikasiga bolalar neyroxirurgiyasi boʻyicha yangi operatsiyalar joriy etiladi

  2023-yil 27-iyunda Samarqand davlat tibbiyot universiteti Neyroxirurgiya kafedrasida Rossiya Federatsiyasi Sankt Peterburg shahrida joylashgan V.A. Almazov nomidagi Milliy tibbiy tadqiqot markazi Bolalar neyroxirurgiyasi boʻlimi mudiri, Neyroxirurgiya kafedrasi dotsenti, t.f.d., oliy toifali shifokor Kim Aleksandr Vongiyevich va SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi va klinikasi tomonidan xalqaro ilmiy-amaliy seminar va master-klass tashkil etildi.

  Ushbu ilmiy-amaliy seminarda bugungi kunda bolalar neyroxirurgiyasining eng dolzarb muammolari, zamonaviy tekshirish va davolash usullari boʻyicha prezentatsiyalar qilindi.  

  Kim Aleksandr Vongiyevich bolalar va oʻsmirlardagi bolalar bosh miya falajligi, turli deformatsiyalar, bosh miya oʻsmalari va tugʻma nuqsonlari boʻyicha katta tajribaga ega mutaxassis boʻlib, shu turdagi 2500 dan ortiq operatsiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan.

  Seminar ishtirokchilariga V.A. Almazov nomidagi Milliy tibbiy tadqiqot markazidagi neyroxirurgiya fan dasturlari boʻyicha qilingan prezentatsiya ishtirokchilarda juda katta qiziqish uygʻotdi, koʻplab savollarga tajribalar va misollar asosida javoblar berildi. Seminarda Neyroxirurgiya kafedrasi mudiri, PhD, dotsent M.A. Aliyev hozirgi kunda SamDTU Neyroxirurgiya klinikasida bajarilayotgan yuqori texnologiyali operatsiyalar haqida va istiqbolli rejalar toʻgʻrisida prezentatsiya qildi va bolalarda koʻp uchrovchi bolalar bosh miya falajligida qoʻl va oyoqlardagi deformatsiyalarni operativ davolash boʻyicha rejalarni aytib berdi.

  Tadbirda Kim Aleksandr Vongiyevich ishtirokida bemorlar koʻrigi ham tashkil qilindi va koʻrikka Samarqand viloyatining turli hududlarida yashovchi aholi vakillari murojaat qilib kelishdi. Bolalar bosh miya falajligi, bosh miya oʻsmalari va tugʻma nuqsonlari, umurtqa kanali stenozlari kasalliklari kuzatilgan 30 ga yaqin bemorlar koʻrikdan oʻtkazilib, malakali konsultatsiyalar berildi.

  Bu tarzdagi tajriba almashish, mutaxassislar, magistratura rezidentlari, klinik ordinatorlar va talabalar uchun juda foydali saboq boʻlganligini alohida taʼkidlash lozim.  

  Xalqaro seminarda 30 dan ortiq mutaxassislar, jumladan neyroxirurglar, magistratura rezidentlari, klinik ordinatorlar va talabalar faol qatnashdilar.



SamDTU Matbuot xizmati