26-may kuni Samarqand shahridagi “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm majmuasi Kongress markazida “Oʻzbekiston – Germaniya I xalqaro tibbiyot forumi” boshlandi.
Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan mazkur nufuzli anjumanda vazirlik masʼullari, respublikamizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiy oliy taʼlim muassasalari va hududiy tibbiyot maskanlari vakillari, shuningdek Germaniyaning yetuk olimlari va ekspertlari, nufuzli tibbiyot markazlari, yirik farmatsevtik korxonalar rahbarlari hamda investorlar anʼanaviy va onlayn tarzda ishtirok etdilar.
Forumni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev kirish soʻzi bilan ochib berdi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov soʻzga chiqib, barcha yigʻilganlarni nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutladilar. Shuningdek, anjumanda Germaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tilo Klinner, Oʻzbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nabijon Qosimov, “Koch Avitsenna” nemis-oʻzbek tibbiyot jamiyati raisi Xelmut Xan, Germaniya taraqqiyot bankining (“KfW”) mintaqaviy vakolatxonasi direktori Andreas Shnayder, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yoaxim Fritslar ham tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdilar.
Qayd etilganidek, Germaniya Oʻzbekiston uchun ishonchli va strategik hamkor. Mustahkam doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan koʻp qirrali munosabatlar oxirgi yillarda jadal rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, joriy yil 2-3-may kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi ikki tomonlama aloqalarda butunlay yangi sahifa ochdi.
Xalqaro forumda mamlakatlar aro tibbiy hamkorlikni kengaytirish, sohani raqamlashtirish, tibbiy turizmni rivojlantirish, investitsiya loyihalari qamrovini kengaytirish, tibbiy taʼlimda qoʻshma dasturlar amalga oshirish, xalq tabobati yoʻnalishiga doir qator masalalar muhokama etildi. Mamlakatimizdagi qulay infratuzilma va zarur sharoitlarning mavjudligi, investorlarning huquqlari qonun bilan mustahkamlangani, chet ellik sarmoyadorlarning davlatimizga boʻlgan qiziqishi yildan yilga ortib borayotgani investitsiyalar hajmining oshishiga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining 120 million nafar aholisi uchun Oʻzbekistonni tibbiy turizm poytaxtiga aylantirish uchun investor va tadbirkorlarga barcha imkoniyat va sharoitlar yaratib berilishi, bu borada bugungi sogʻliqni saqlash forumi “Oʻzbekiston – Germaniya” formatidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishi aytib oʻtildi.
Anjuman doirasida Heidelberg University Neyrojarrohlik klinikasini direktori Andreas Unterbergga Samarqand davlat tibbiyot universitetini “Faxriy professori” unvoni tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universitetini Frayburg universiteti bilan hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Xalqaro anjuman 27-may kuni oʻz ishini davom ettiradi.