27-29 aprel kunlari Samarqandda Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyati (ELSA)ning “Ipak yoʻlida minimal invaziv xirurgiya” mavzusidagi I bahorgi kongressi oʻtkazildi.
Kongressga Malaziya, Singapur, Yaponiya, Fillipin, Janubiy Koreya, Pokiston, BAA, Hindiston, Qatar, Oman, Turkiya singari 40 dan ortiq davlatdan yuqori malakali xirurglar, ELSA aʼzolari, shuningdek, 400 nafardan ortiq oʻzbekistonlik va qoʻshni davlatlardan kelgan shifokor jarrohlash, shu soha vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro anjuman doirasida 27 aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasida “Laporoskopik mahoratlar va egiluvchan endoskopiya” mavzusida seminar, amaliy mashgʻulotlar va mahorat saboqlari oʻtkazildi. Yuqori malakali xirurglar tomonidan murakkab jarrohlik amaliyotlari koʻrgazmali tarzda bajarildi.
28 aprel kuni esa Samarqand xalqaro turistik markazida xalqaro kongressning ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda Respublika sogʻliqni saqlash vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyati (ELSA) vakillari soʻzga chiqib, Markaziy Osiyoda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur xalqaro forum mamlakatimizda keyingi yillarda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan ulkan eʼtibor samarasi oʻlaroq aholiga zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va darajasini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Kongress rasmiy tantanalarida uning Faxriy prezidenti, samarqandlik taniqli jarroh, professor Azamat Shamsiyev oʻz qutlov soʻzida Oʻzbekistonda ilk bor Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyatining kongressi oʻtkazilishi mamlakatimiz tibbiyoti uchun tarixiy ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Kongressning sessiyalarida oshqozon ichak traktining yuqori qismi xirurgiyasi, egiluvchan endoskopiya, gepatobiliar xirurgiya, kolorektal xirurgiya, korin devori xirurgiyasi, videoassistenlik torakal xirurgiya, minimal invaziv bolalar xirurgiyasi, bariatrik xirurgiya, robot xirurgiya yutuqlarining ilmiy yoʻnalishlari taniqli olim va professorlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Anjumanda mamlakatimizda endoskopik laparoskopiya sohasida erishilgan yutuqlari boʻyicha ham maʼruzalar tinglandi. Samarqand ixtisoslashgan bolalar xirurgiyasi markazida zamonaviy usulda oʻtkazilayotgan operatsiya jarayoni onlayn kuzatilib, interfaol usulda muhokama qilindi.
Samarqandlik jarrohlar 2016 yilda mazkur jamiyatga aʼzo boʻlgan va ELSAning navbatdan tashqari bahorgi anjumanini yurtimizda, Samarqandda oʻtkazishi mamlakatimiz tibbiyoti uchun juda katta samara beradi. Bugun dunyo tibbiyotida kaminvaziv usulda operatsiya qilish keng ommalashmoqda va bu tibbiyotning kelajagi hisoblanadi. Oʻzbekistonda ham mazkur soha rivojlanib borayotgani quvonarli.
SamDTU matbuot xizmati