×
Menu
Close Menu

​“Sogʻliqni saqlashda innovatsion texnologiyalar: ichki tibbiyot uchun yangi imkoniyatlar” II Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi

  2023 yil 7 aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Sogʻliqni saqlashda innovatsion texnologiyalar: ichki tibbiyot uchun yangi imkoniyatlar” mavzusidagi II Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Xalqaro anjuman ishida Polsha, Turkiya, Hindiston, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va mamlakatimizni tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va ilmiy markazlarining yetakchi olimlari va tadqiqotchilari ishtirok etdilar.

  Xalqaro anjumanni asosiy maqsadi bu tibbiyot hamjamiyatining tajribasi va bilimlarini birlashtirish, umumiy amaliyot shifokorlari, shuningdek, kardiologiya, gastroenterologiya, pulmonologiya, nevrologiya, revmatologiya, nefrologiya, endokrinologiya, gematologiya sohasidagi mutaxassislar uchun foydali boʻlgan zamonaviy yoʻnalish va masalalarni muhokama qilish boʻldi. Konferensiya ishi gibrid shaklda, oflayn va onlayn tarzda olib borildi.

  Konferensiyani tantanali ochilishida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektor Aleksey Shklyaev (Rossiya), Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori maslahatchisi, tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Oʻzbekiston Qahramoni Ravshanbek Qurbonov, Oʻzbekiston terapevtlari uyushmasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, tibbiyot fanlari doktori, professor Anis Alyavi, Belarus davlat tibbiyot universiteti rektori, Belarus Milliy fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Sergey Rubnikovich (Belarus) va boshqalar soʻzga chiqib, ichki tibbiyotni dolzarb masalalari, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlash hamda xalqaro aloqalarni rivojlantirish ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirdilar.

  Yalpi majlisdan soʻng xalqaro anjumanni ishi kardiologiya, pulmonologiya va ftiziatriya, gastroenterologiya, revmatologiya, endokrinologiya, oilaviy tibbiyot, tibbiyotdagi dolzarb tadqiqotlar, yosh olimlar yigʻilishi kabi sakkizta shoʻbada davom ettirilib ularda 100 ortiq maʼruzalar va poster maʼruzalar tinglandi. Yosh tadqiqotchilarning qilingan maʼruzalari anjuman ishtirokchilari alohida eʼtiborini tortdi.

  “Sogʻliqni saqlashda innovatsion texnologiyalar: ichki kasalliklar uchun yangi imkoniyatlar” II Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Polshaning yirik tibbiyot universiteti – Sileziya tibbiyot universiteti hamda Turkiyaning Tibbiyot fanlari universiteti oʻrtasida qoʻshma simpozium oʻtkazildi.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan oʻtkazilgan “Sogʻliqni saqlashda innovatsion texnologiyalar: ichki kasalliklar uchun yangi imkoniyatlar” II Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi respublika va mintaqamizda ichki tibbiyotda ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, ilmiy yangiliklarni klinik tibbiyotga joriy qilish, malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish hamda respublikamiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy tekshirish markazlari xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.




SamDTU Matbuot xizmati