23-fevral kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida doktorantlar va mustaqil abituriyentlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda SamDTU ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Shuhrat Ziyadullaev, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boshqarmasi boshligʻi Antonina Kim, doktorantlar, tayanch doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar ishtirok etdi.
Uchrashuvni kirish soʻzi bilan universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Sh.X.Ziyadullayev ochib berdi. Chiqish qilgan ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi mudiri A.A.Kim, gumanitar fanlar kafedrasi mudiri A.N.Maxmudova, ilmiy boʻlim xodimi M.Annaevlar yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, xorijiy tillarni bilish darajasini oshirish, tadqiqot natijalarini chop etish uchun ilmiy jurnallarni tanlash usullari, “Web of Science” xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazasidan foydalanishga oid keng koʻlamli masalalarini yoritdilar. Yigʻilishda mazkur maʼlumotlar bazasi bilan ishlash, uning resurslari va dissertatsiya ishini amalga oshirishdagi ahamiyati bosqichma-bosqich koʻrsatib berildi.
Yigʻilishda ilmiy-tadqiqot ishlarining holati, dissertatsiyani amalga oshirish va himoya qilish muddatlari ham muhokama qilindi. Dissertantlar bilan jonli muloqot tarzida oʻtkaziladigan bunday uchrashuvlar yosh tadqiqotchilarning ilmiy faoliyat bilan bogʻliq muammolarini tezkorlik bilan hal etishga yordam beradi.
SamDTU matbuot xizmati