Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzurida tashkil etilgan ilmiy-amaliy markazlar uchun yosh mutaxassislarning yetakchi xorijiy klinikalarda maqsadli malaka oshirishlariga katta eʼtibor berilmoqda.
SamDTU neyroxirurgiya kafedrasi magistr rezidenti Parvoz Abdulhakimov va nevrologiya kafedrasi magistr rezidenti Bekzod Nurmatov 2023-yil 07-yanvar 2-fevralgacha Turkiyaning Istanbul shahridagi Achibadem Altunizade gospitali Neyroxirurgiya departamentida akademik mobillik dasturlari boʻyicha malaka oshirib qaytishdi. Yosh mutaxassislarimiz Achibadem Xospitalining yetakchi mutaxassislari professor Mexmet Ozek va professor Koray Ozdumanlar rahbarligida amaliyot oʻtashdi.
Magistr-rezident P.V.Abdulhakimov zamonaviy neyroxirurgiyaning yutuqlari hisoblanuvchi “Stereotaksik va funksional neyroxirurgiya”, “Mikroneyroxirurgik neyroonkologiya”, “Spinal endoskopik neyroxirurgiya”, “Bolalar neyroxirurgiyasi” boʻyicha operatsiyalarda tajriba toʻplagan boʻlsa, B.I.Nurmatov neyroxirurgik bemorlarda neyrofiziologik tekshiruvlar, interoperatsion neyrofiziologik monitoring va bemorlarni “uygʻoq” holda operatsiya qilishda neyrofiziologlarning roli boʻyicha malaka oshirdi. Bundan tashqari magistrlarimiz turkiyalik yetakchi professorlarning maʼruza mashgʻulotlarida ham muntazam qatnashib, nazariy bilimlarini yanada mustahkamladi.
Yosh mutaxassislarimizning xorijiy klinikalarda malaka oshirishlari kelgusida amaliyotga yangi avlod operatsiya usullarini joriy etish va xalqimiz sogʻligʻini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
SamDTU matbuot xizmati