1-2-dekabr kunlari akademik mobillik dasturi doirasida Bezmialem Vakif universiteti (Istanbul, Turkiya) tibbiyot fakulteti professori, neyroxirurg Tolga Turan Dundar Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi. Mazkur oliygoh Turkiyadagi sogʻliqni saqlash va hayot fanlari boʻyicha birinchi tematik tadqiqot universitetlaridan biri boʻlib — taʼlim, tadqiqot va sogʻliqni saqlash sohalarida muvaffaqiyatga erishishni maqsad qilgan notijorat universitetidir. Unda 3500 ga yaqin talabalar taʼlim oladi va har kuni ikkita asosiy shifoxona va uchta poliklinikada 8000 bemorga klinik xizmat koʻrsatiladi.
Professor Dr. Tolga Turan Dundar neyroxirurgiyaning eng soʻnggi innovatsiyalari va usullaridan foydalangan holda davolash boʻyicha yetakchi mutaxassis, shu jumladan — minimal invaziv jarrohlik, endoskopiya yordamida jarrohlik, neyromonitoring texnologiyalaridan foydalangan holda intraoperativ neyronavigatsiya, stereotaktik radiojarrohlik, uygʻoq miya jarrohligi, chuqur miya stimulyatsiyasi va koʻplab minimal invaziv umurtqa pogʻonasi jarrohligiga yondashuvlardan foydalanadigan shifokor hisoblanadi.
Tashrif davomida prof. Tolga Turan Dundar Samarqand davlat tibbiyot universitetining 1-sonli klinikasi neyroxirurgiya boʻlimida bir qancha muvaffaqiyatli operatsiyalarni amalga oshirdi, shuningdek, davolash fakulteti 4-kurs talabalari uchun maʼruza va amaliy mashgʻulotlarini oʻtkazdi.
SamDTU matbuot xizmati