Algologiya – bu tibbiyotning zamonaviy yo‘nalishlaridan bo‘lib, inson tanasidagi barcha turdagi og‘riq sindromini turli xildagi miniinvaziv yuqori innovatsion texnologiyalar yordamida xirurgik va konservativ yo‘l bilan davolovchi usullarni o‘zida jamlaydi. Markazimizning rivojlanish konsepsiyasida belgilanganidek, jahonning ilg‘or texnologiyali samarali yangi davolash usullarini xalqimiz salomatligini tiklash uchun amaliyotga tatbiq etish maqsad qilingan.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Algologiya sohasini markazimizda rivojlantirish maqsadida Turkiyaning Izmir shahridagi Bakirchay Universiteti Tibbiyot fakulteti klinikasi Algologiya departamenti rahbari, professor Edip Gonullu ishtirokida o‘tgan bir yil davomida markazda 3 marta ma’ruza-konferensiyalar, bemorlarda o‘tkazilgan yuqori texnologiyali operatsiyalar (mahorat darslari) tashkil etildi.
Hamkorlikning keyingi bosqichida rejaga asosan SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazining professor-o‘qituvchilari, shifokorlari (Muhammadov N.A., Jo‘rayev A.M.), bakalavriat talabalari (Xolmurodova H.X., Sanaqulova S.S., Saydullayev F.L.), hamshiralardan (Izimchanova F.I., Sheraliyeva S.) iborat guruhi 2024-yil 15-20-iyul kunlari Turkiyaning Izmir shahridagi Bakirchay Universiteti Tibbiyot fakulteti klinikasi Algologiya departamentida qisqa muddatli o‘quv-amaliy kursida malaka oshirdilar. Malaka oshirish kursi davomida mutaxassislarimiz ushbu shifoxonada o‘tkazilayotgan operatsiyalarda bevosita qatnashdilar, hamshiralar raqamlashtirilgan texnologiyali hamshiralik jarayonini yaqindan o‘rgandilar, talabalar akademik mobillik asosida ma’ruzalarda tinglovchi sifatida ishtirok etishdi.
O‘quv-amaliy kursi so‘ngida mutaxassislarimizga xalqaro malaka oshirish sertifikatlari berildi, ilmiy-amaliy sohalardagi hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha yangi rejalar belgilandi.
Delegatsiyamiz xizmat safari davomida Istanbul shahridagi Altinbash Universiteti Medical Park Bahchelievlar klinikasida bo‘lib, Neyromodulyatsiya sohasida ham malaka oshirdilar. Ushbu klinika bilan Markazimiz o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, oldin ma’lum qilinganidek bugungi kunda SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida Parkinson kasalligi va epilepsiya kasalliklarida bosh miyaga “chip”lar o‘rnatib xirurgik davolash usuli seriyali tarzda yo‘lga qo‘yildi. Shu hamkorlik kelishuvlari doirasida mutaxassislarimiz Turkiyaning yetakchi klinikasida Neyromodulyatsiyaning ilg‘or tajribalari bilan tanishib, o‘z malakalarini oshirdilar. Mutaxassislarimiz Medical Park Bahchelievlar klinikasi Neyroxirurgiya departamenti rahbari, professor Sait O‘zturk ishtirokidagi 10 dan ortiq yuqori texnologiyali operatsiyalarda bevosita qatnashdilar va amaliyotlarning bajarilishi texnikasini o‘zlashtirdilar.
SamDTU matbuot xizmati