×
Menu
Close Menu

SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi tomonidan navbatdagi murakkab jarrohlik amaliyoti bajarildi

  Joriy yilning 12-iyul kuni SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi tomonidan Kattaqo‘rg‘on shahar shifoxonasida J.J. ismli bemorda murakkab texnologiyali operatsiya muvaffaqiyatli bajarilib, mahalliy shifokorlariga mahorat darsi o‘tkazildi.

  Avtohalokat natijasida bosh qismining chap peshona-tepa sohasida katta hajmli suyak defekti saqlanib qolgan bemorda 3D-implant yordamida allokranioplastika qilish operatsiyasini o‘tkazish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yilning 1-apreldagi 188-qarorida ko‘rsatilgan chekka hududlarda murakkab texnologiyali operatsiyalarni o‘tkazish bo‘yicha ushbu operatsiya bemorning doimiy yashash hududi hisoblanadigan Kattaqo‘rg‘on shahrida amalga oshirildi.

  Bemorning bosh miyasi MSKT tekshiruvidan o‘tkazilib, kalla suyagining 3D modeli yaratildi va suyak defektiga mos keluvchi 3D implant tayyorlandi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu innovatsion texnologiya asosidagi implantlar bugungi kunda bevosita Universitet qoshidagi ilmiy-amaliy markazda tayyorlanmoqda. Ushbu implantning afzalligi shundaki, implant shaklan bosh suyagidagi defekt bilan bir xil bo‘lib, qarama-qarshi tomonga nisbatan simmetriklikni ta’minlaydi. Operatsiyani SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi direktori, PhD, M.A. Aliyev hamda markaz neyroxirurglari A.M. Jo‘rayev va K.J. Saidov, markaz klinik ordinatori O.T. Safarovlar bajarishdi. Operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi va operatsiyadan so‘ng bemorda hech qanday nevrologik defitsitlar kuzatilmadi. Hozirda bemorning umumiy ahvoli qoniqarli.

  Ushbu turdagi murakkab texnologiyali operatsiyaning chekka hududlarda amalga oshirilishi shu hududlarda yashovchi fuqarolarga ixtisoslashgan tibbiyotni yanada yaqinlashtiradi. Markaz neyroxirurglari tomonidan kelajakda ushbu va boshqa turdagi murakkab texnologiyali operatsiyalarni chekka hududlarda amalga oshirishda davom ettirish rejalashtirilmoqda.


SamDTU matbuot xizmati