2023-yil 30-31-oktabr kunlari Moskva shahrida (Rossiya Federatsiyasi) Akademik V.I. Pokrovskiy nomidagi Yuqumli kasalliklar milliy assotsiatsiyasi homiyligida birinchi marta offlayn formatda “Pokrovskiy oʻqishlari” III Xalqaro yuqumli kasalliklar konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Xalqaro forumda Rossiya Federatsiyasi va MDH davlatlarining oliy tibbiyot taʼlim muassasalari va ilmiy markazlaridan yuqumli kasalliklar boʻyicha 4 mingdan ziyod yetakchi mutaxassislar ishtirok etdilar. Xalqaro Forumda Samarqand davlat tibbiyot universitetining yuqumli kasalliklar kafedrasi mudiri Nargiza Yarmuhamedova boshchiligida xodimlari ham ishtirok etdilar.
Konferensiya yalpi majlis ishida zamonaviy sharoitlarda yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash, epidemiologik nazoratni tashkil etish va oʻtkazishga yangicha yondashuvlar, yuqumli patologiya, xususan, umumiy tibbiyot amaliyotida oʻtkir va surunkali virusli infektsiyalar muammolari, immunoprofilaktika, antiviral va antibakterial terapiya, yuqumli bemorlarni reabilitatsiya qilishda fanlararo yondashuvlar, antibiotiklarga chidamlilik muammosi va boshqa dolzarb masalalarga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi.
Uchrashuvlarda COVID-19 pandemiyasining natijalari, respirator kasalliklar diagnostikasi, oldini olish va davolashning yangi usullari, OIV infeksiyasi, meningokokk infeksiyasini oʻrganish va vaksina profilaktikasini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. SamDTU vakillari tomonidan taqdim etilgan “Samarqand viloyatida rikketsial infeksiyalarning epizodik holatlari” mavzusidagi maʼruza ilmiy forum ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.
Yuqumli kasalliklar boʻyicha Pokrovskiy oʻqishlari konferensiyasi har yili oʻtkazilib muloqot va oʻzaro tajriba almashish uchun yuqumli patologiyalar sohasidagi olimlar va amaliyotchilarni birlashtiradi.
SamDTU matbuot xizmati