2023-yil 4-noyabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti Neyroxirurgiya kafedrasi tomonidan Turkiyaning Istanbul shahridagi Acibadem Healthcare System Atakent Xospitali Neyroxirurgiya departamenti rahbari, professor Kenan Koch ishtirokida xalqaro ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminar mavzusi neyroxirurgik operatsiyalar vaqtida bemorni uyg‘otish (Awake surgery) orqali bemorning ayrim sensomotor markazlari faoliyatini tekshirib borish usullari va bosh miya asosidagi va gipofiz o‘smalarini endoskop yordamida transnazal transsfenoidal usulda olish amaliyotiga bag‘ishlandi. Seminarda professor Kenan Koch bosh miyaning turli sohalarida joylashgan hajmli jarayonlarni, jumladan, gematomalar va bosh miya o‘smalarini olish operatsiyalari vaqtida bemorning nutqini, harakat va sezgi funksiyalarini tekshirib, shu markazlarni saqlab qolish uchun bemorni operatsiya vaqtida uyg‘otish, shu orqali xavfsiz operatsion maydonni topish orqali operatsiyadan keyingi asoratlarni kamaytirish usullari haqida ma’ruza qildi. Seminarning ikkinchi qismida xiazma-sellyar, klival sohalar o‘smalarini endoskop yordamida transnazal transsfenoidal usulda operatsiya qilish bo‘yicha o‘z tajribasini prezentatsiya orqali turli klinik misollar bilan namoyish qildi.
Seminar ishtirokchilar uchun juda foydali bo‘ldi, ishtirokchilar tomonidan berilgan ko‘plab savollarga tajribalar va misollar asosida javob berildi.
Seminar so‘ngida SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi va Turkiyaning Istanbul shahridagi Acibadem Healthcare System klinikalari o‘rtasida kadrlar tayyorlash va klinikamizda uyg‘oq xirurgiyani (Awake surgery) yo‘lga quyish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Xalqaro seminarda 30 ga yaqin mutaxassislar, jumladan neyroxirurglar, magistratura rezidentlari, klinik ordinatorlar va talabalar faol qatnashdilar.
SamDTU matbuot xizmati