Ona tilimiz milliy davlatchiligimiz va qadriyatlarimizni oʻzida aks ettirganligi bilan katta ahamiyatga ega. 1989-yil 21-oktyabrdan beri har yili oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunni bayram sifatida nishonlab kelamiz. Bu yil ona tilimiz 34 yoshga toʻldi.
Bayram munosabati bilan Samarqandda ham qator tadbirlar boʻlib oʻtdi. Jumladan Samarqand shahridagi “Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻi” da tilimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan shoir, mutafakkir, soʻz mulkining sultoni, Hazrat Navoiy haykali poyiga gul qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Samarqand shahrining bir qator masʼul shaxslari, soha vakillari hamda oliy taʼlim muassasalari vakillari va talabalar ishtirok etdi. Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universiteti jamoasi ham bayram tadbirida ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar ona tilimiz ulugʻligi, uning oʻtmishi va buguni, tilimizning jamiyat va davlat rivojidagi ahamiyati xususida gapirib, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 34 yilligi bilan yigʻilganlarni tabrikladilar. Tadbir davomida tilimiz madh etilgan sheʼr va kuy-qoʻshiqlar tinglandi hamda sahna koʻrinishi namoyish etildi.
SamDTU matbuot xizmati