Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

SamDTUda nevrologiya sohasini rivojlantirishga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi

  2023-yil 6-7 oktyabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida “SamDTU Nevrologiya kafedrasining 90 yilligi — muvaffaqiyatlar, yutuqlar, istiqbollar” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilishi belgilangan. Ikki kun davomida o‘tkaziladigan anjumanda Turkiya, Isroil, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Rossiya davlatlaridan kelgan professor -o‘qituvchilar va respublikamizning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda tibbiyot markazlarining nevrologiya sohasidagi taniqli olimlari, amaliyotchi-mutaxassislari ishtirok etmoqdalar. 

  Xalqaro konferensiyaning tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Rossiya Federatsiyasi I.I. Mechnikov nomidagi Shimoliy-Gʻarbiy davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Sergey Sayganov, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni Saqlash Vazirligining bosh nevrologi, professor, Yoqutxon Nabiyevna Majidova va boshqalar zamonaviy nevrologiya va bolalar nevrologiyasi muhim masalalarini oʻrganish sogʻliqni saqlash sohasi uchun muhimligini, shuningdek, universitetlar oʻrtasidagi xalqaro hamkorlik keng yoʻlga qoʻyilishi uchun lozimligini taʼkidladilar.

  Konferensiyaning asosiy maqsadi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi mohiyatidan kelib chiqqan holda ilm-fanni rivojlantirish hamda xorijiy davlatlardagi tibbiyot yangiliklarini joriy qilish, asab kasalliklari bilan bog‘liq muammolarga yechim topish va bemorlarni davolashga zamonaviy yondashish, chet ellik olimlar bilan bilim va tajriba almashgan holda nevrologiya fanini xalqaro miqyosda rivojlantirishdir. Shu bois anjuman doirasidagi yalpi majlisda nevrologiya va bolalar nevrologiyasidagi yutuqlar va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti nevrologiya va bolalar nevrologiyasi kafedrasining to‘plagan tajribasi borasidagi ma’ruzalar tinglandi. Xorijlik mutaxassislar va yosh tadqiqotchilarning chiqishlari ishtirokchilarning alohida diqqat-e’tiborini tortdi.

  Anjumanning keyingi bosqichi ikkita sho‘bada davom ettirildi hamda “Miyaning limfa tizimi: fiziologiya va klinikadagi roli”, “Lakunar insultning patofiziologiyasi-zamonaviy talqin”, “Xavotir buzilishi va ularning klinik amaliyotidagi ahamiyati”, “Dyushen miyopatiyasini tashxislash va davolashning zamonaviy imkoniyatlari”, “Diabetik polinevopatiyada neyrotrofik omillarning roli”, “Parkinson kasalligida reabilitasiyaga zamonaviy yondashuv” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. 

  Shuningdek,  keyingi yillarda Nevrologiya sohasida erishilgan texnologik hamda ilmiy yutuqlar, kelajakdagi istiqbollar muhokama qilindi.




SamDTU matbuot xizmati