Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 5-iyul kunidagi 418-F-sonli hamda Samarqand viloyati hokimining joriy yilning 11-iyul kunidagi 155-7-0-F/23-sonli farmoyishi yuzasidan 10-iyuldan 10-avgust kuniga qadar “Dolzarb 30 kun” tadbirlarini amalga oshirish vazifasi belgilab berilgandi. Ushbu farmoyish ijrosini taʼminlash maqsadida Samarqand davlat tibbiyot universitetida uchrashuv oʻtkazildi.
Tadbirda Samarqand viloyat FVB RKTBMTEB boshligʻi podpolkovnik U.Xaydarov, bosh muhandis, fuqaro va mehnat muhofazasi boʻlimi, texnik foydalanish va xoʻjalik boʻlimi, bino komendantlari va ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda Universiteti bosh muhandisi Sh. Ostanov soʻzga chiqib, yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilish dolzarb masala ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Tadbirda ishtirok etgan viloyat FVB xodimi, podpolkovnik U.Xaydarov soʻzga chiqib, 2023 yil yoz mavsumining oʻtgan davri mobaynida mamlakatimizda havo haroratining har yillik meʼyorlarga nisbatan yuqoriligi, sovitish jihozlaridan foydalanishga boʻlgan ehtiyoj va elektr energiyasi isteʼmolining keskin oshishi, shuningdek, aholi punktlari va yirik sanoat korxonalari hududlarining qurigan oʻsimliklardan tozalanmasligi yongʻinlar sonining keskin koʻpayishiga olib kelayotgani haqida aytib oʻtdi. U.Xaydarov respublikada sodir boʻlgan bir qancha yongʻinlarni misol tariqasida keltirib, birgina Samarqand viloyatining oʻzida joriy yilning oʻtgan 6 oyi davomida 443 ta yongʻin holatlari kuzatilganini maʼlumot oʻrnida taʼkidlab oʻtdi.
Ishtirokchilar tomonidan berolgan barcha savollarga javoblar qaytarildi.
SamDTU Matbuot xizmati