Soʻnggi yillarda yurtimizda iqtidorli yoshlarni nufuzli milliy hamda xalqaro olimpiada, musobaqa va tanlovlarda salmoqli natijalarga erishishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham iqtidorli yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish, qoʻllab quvvatlash va ragʻbatlantirilish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
22-iyun kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayevning universitetning bir qator faol talabalari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Jasur Rizayev oʻz nutqida yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar hamda mamlakatimiz prezidenti tomonidan olib borilayotgan yoshlar siyosatining oʻziga xos jihatlari xususida toʻxtalib oʻtdi.
Uchrashuvning tashkiliy qismida 2022/2023 oʻquv yilining 2-yarim yilligida "Rektor stipendiyasi"ni qoʻlga kiritgan SamDTUning 45 nafar, Universitet qoshidagi Akademik litseyining 5 nafar hamda Universitet qaramogʻidagi kasb-hunar kollejlari va texnikumlardan 3 nafar oʻquvchiga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, Moskvada A.P. Arzamastevning 90-yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan organik kimyo yo’nalishidagi 8-xalqaro olimpiada g’oliblari, “Eng yaxshi talaba-2023” nomli Xalqaro tanlovda g'olib bo'lgan talabalar hamda “TECHNOWAYS” texnologik rivojlanish marafoni g'oliblari ham taqdirlandilar.
Jasur Rizayev talabalarga murojaatida mana shunday xalqaro musobaqalarda ishtirok etish orqali universitet nufuzini yanada oshirish, universitet fakultetlari haqida ijtimoiy tarmoqlarda kengroq yoritish shuningdek, jamoatchilik nazoratini oʻrnatish hamda barcha talabalarni yanada faol boʻlishga chorladi.
Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun tashkillashtirilayotgan bu kabi tadbirlar ularning ilmiy-maʼrifiy sohalardagi faoliyatlarini oshirishga xizmat qilib, kelajakda yanada yuqori marralarni egallashga undaydi.
SamDTU Matbuot xizmati