Samarqand davlat tibbiyot universiteti (2022 yilgacha — institut) – Markaziy Osiyoda eng birinchi tibbiyot oliygohi hisoblanadi. 1930 yilda asos solingan oliygohni 40 mingdan ziyod yuqori malakali mutaxassislar bitirgan, ularni orasida oʻnlab akademiklar, fan arboblari, davlat va jamoat arboblarini uchratish mumkin. SamDTU bitiruvchilari nafaqat mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida, yaqin va uzoq xorij mamlakatlarida ham oʻz kasblari boʻyicha samarali mehnat qilmoqda.
5-6 may kunlari boʻlib oʻtgan Samarqand davlat tibbiyot universiteti bitiruvchilarining II Forumini oʻtkazishda bitiruvchilarni uyushtirish, ularning salohiyatidan yosh avlod shifokorlarini tarbiyalashda unumli foydalanish, orttirilgan ijobiy tajribalar almashuvini amalga oshirish kabi maqsadlar koʻzda tutildi. Tantanalarda universitet maʼmuriyati, kafedra mudirlari, faxriy professor-oʻqituvchilar, oliygohni turli yillarda tugatgan 1200 ziyod bitiruvchilari ishtirok etdilar. Forumda ishtirokchilarni anʼanaviy va onlayn-masofaviy tarzda ishtiroki taʼminlandi.
6 may kuni Forum ishini tantanali ochilishida universitet rektori, professor Jasur Rizayev nutq soʻzlab SamDTUni shonli tarixi va hozirgi davri haqida gapirib berdi. Universitet rektori kun tartibidagi dolzarb masalalar, erishilgan yutuqlar bilan birgalikda universitet jamoasi oldida turgan vazifalar, oliygoh nufuzi va xalqaro reytingini yanada yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan hatti-harakatlarni batafsil gapirib berdi.
Soʻngra, universitetni bir guruh bitiruvchilari chiqishlar qilib, oʻqigan paytlari va oʻzlarini ustoz va murabbiylarini esladilar, tibbiyot fani vakillari boʻlishlariga yaratilgan shart-sharoitlarga shukronalar aytib universitet rahbariyatiga yuqori malakali kadrlarni tayyorlaydigan dargoh salohiyatini yanada koʻtarish boʻyicha qilinayotgan sayi-harakatlar uchun minnatdorchiliklar bildirdilar.
Forumda bir guruh faxriy pedagog-ustozlarga esdalik sovgʻalari topshirildi. Barcha bitiruvchilariga esdalik nishonlar hamda bir qator bitiruvchilariga “Kasbga sodiqlik uchun”, “Universitetga sodiqlik uchun”, “SamMIda shakllangan shifokorlar sulolasi” va “Onalar hayoti uchun” esdalik medallari topshirildi. Universitetni bitirib shifokorlar sulolalariga asos solgan ustozlar, shu jumladan akademiklar I.Z.Zokirov, U.A.Aripov, professor U.K.Vaxobova, M.A.Axmedov, A.M.Shamsiyev va boshqalarni sogʻliqni saqlash sohasida qilingan xizmatlari alohida qayd etildi.
Tantanali tadbirda qatnashgan 1963, 1965, 1966, 1973, 1975, 1976, 1978, 1979, 1984, 1988 va boshqa yillar bitiruvchilar vakillarini ishtiroki alohida eʼtirof etilib, uch avlod uchrashuvi oliygohda yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash, zaruriy bilim va koʻnikmalarni almashuvini taʼminlashdagi oʻrni taʼkidlandi.
Universitet bitiruvchilar bilan munosabatlari yangi sahifasini ochgan uchrashuv yakunida bayramona konsert dasturi va yangraran dilnavo qoʻshiqlar barchaga haqiqiy bayram kayfiyatini olib keldi.
SamDTU matbuot xizmati