Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Samarqandda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi

  14-15-aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Stomatologiya va yuz-jagʻ xirurgiyasi taʼlim, fan va klinik amaliyotiga zamonaviy yondashuvlar” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

  Ushbu Xalqaro anjuman ishida Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va mamlakatimizni tibbiyot oliy oʻquv yurtlardan 40da yaqin professor – oʻqituvchilar va 70dan ortiq yaqin talabalar ishtirok etishdi.

  Xalqaro anjumanni asosiy maqsadi — stomatologiya va yuz-jagʻ jarrohligi, klinik amaliyotiga zamonaviy yondashuvlarni, soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, yosh olim-tadqiqotchilar koʻmaklashishdan iborat boʻldi. Konferensiya ishi gibrid shaklda, oflayn va onlayn tarzda olib borildi.

  Konferensiyani tantanali ochilishida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligi Stomatologiya va yuz-jagʻ xirurgiyasi markaziy tadqiqot instituti direktori Fyodor Losev, V.I.Razumovskiy nomidagi Saratov davlat tibbiyot universiteti rektori Andrey Yeryomin, Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Xaydarov, Univet kompaniyasi mintaqaviy direktori Gregorio Cocco va boshqalar soʻzga chiqib, stomatologiya va yuz-jagʻ jarrohligi amaliyotiga zamonaviy yondashuvlarini, soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun xalqaro aloqalarni rivojlantirish ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirdilar.

  Yalpi majlisdan soʻng xalqaro anjuman ishi xirurgik stomatologiya va yuz-jagʻ jarrohligi, terapevtik stomatologiya, ortopedik stomatologiya, bolalar stomatologiyasi va ortodontiya, yosh olimlar minbari shuʼbalarda davom ettirildi. Ayniqsa yosh tadqiqotchilarning maʼruzalari anjuman ishtirokchilari eʼtiborini tortdi.

  Xalqaro anjuman doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti UNIVET Loupes SPA (Italiya) kompaniyasi, X.M.Berbekov nomidagi Kabardino-Balkariya davlat universiteti (Rossiya) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligini Samarqand xarbiy gospitali bilan hamkorlik memorandumlari imzoladi.

  Xalqaro konferensiya doirasida “Stomatologiyada estetik restavratsiyalar mahorati” talabalar Xalqaro Olimpiadasi ham boʻlib oʻtdi. Musobaqalarda ishtirok etgan talabalar test sinovlari, ogʻzaki savol-javob va amaliy koʻnikmalarni bajarish boʻyicha oʻzlarining bilimlarini sinashdilar.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan oʻtkazilgan “Stomatologiya va yuz-jagʻ xirurgiyasi taʼlim, fan va klinik amaliyotiga zamonaviy yondashuvlar” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda “Stomatologiyada estetik restavratsiyalar mahorati” talabalar Xalqaro Olimpiadasi respublika va mintaqamizda sohaga oid ilmiy izlanishlarini rivojlantirish, ilmiy yangiliklarni amaliyotga joriy qilish, yosh tadqiqotchilar ishiga koʻmaklashish va malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish hamda respublikamiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy tekshirish markazlari xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.



SamDTU Matbuot xizmati