×
Menu
Close Menu

​“Zamonaviy sivilizatsiyaning kasalliklari: fanlararo tadqiqotlar” Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi

  2023 yil 28 mart kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti katta majlislar zalida “Zamonaviy sivilizatsiyaning kasalliklari: fanlararo tadqiqotlar” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Xalqaro anjuman ishida Rossiya, Belarus, Qozogʻiston va Oʻzbekistonni tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va ilmiy markazlarining yetakchi olimlari va tadqiqotchilari ishtirok etdilar.

  Xalqaro anjumanni oʻtkazishda fanlararo ilmiy izlanishlarni, jamiyatdagi turli kasalliklarni zamonaviy davolash usullarini muhokama qilish, fanlararo tajriba almashish kabi asosiy maqsadlar koʻzda tutildi. Konferensiya ishi gibrid shaklda, oflayn va onlayn tarzda olib borildi.

  Konferensiyani tantanali ochilishida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektor Aleksey Shklyaev (Rossiya), Ostona tibbiyot universiteti rektori Kamadjan Nadirov (Qozogʻiston), M.F.Vladimirskiy nomidagi Moskva davlat ilmiy-tadqiqot klinik instituti Konstantin Sobolev (Rossiya), I.I.Mechnikov nomidagi Shimoliy-Gʻarbiy davlat tibbiyot universiteti rektori Sergey Sayganov (Rossiya) va boshqalar soʻzga chiqib, fanlararo izlanishlarning ustuvorlari, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlash hamda xalqaro aloqalarni rivojlantirish ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirdilar.

  Konferensiyada davomida MANEB akademiyasi prezidenti Rogaleva Lyubov Viktorovna tomonidan rektorimiz J.A.Rizayevga MANEB akademiyasi akademik unvoni berildi.

  Yalpi majlisdan soʻng xalqaro anjumanni ishi yettita shoʻbada davom ettirilib ularda ogʻiz boʻshligʻi va yuz-jagʻ sohasida kasalliklarni erta tashxislash, kardiologiya, ichki tibbiyot, onkologiya, ginekologiya, endokrinologiya va boshqa shoʻbalarda fanlararo tadqiqotlar natijalari taqdim qilindi va ilmiy yangiliklar soha mutaxassislari tomonidan muhokama qilindi. Xorijlik hamkasblar va yosh tadqiqotchilarning alohida shoʻbada qilingan maʼruzalari anjuman ishtirokchilari alohida eʼtiborini tortdi.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan oʻtkazilgan “Zamonaviy sivilizatsiyaning kasalliklari: fanlararo tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi respublika va mintaqamizda fanlararo ilmiy izlanishlarni, jamiyatdagi turli kasalliklarni zamonaviy davolash usullarini muhokama qilish, fanlararo tajriba almashish, ilmiy yangiliklarni klinik tibbiyotga joriy qilish, malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish hamda respublikamiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy tekshirish markazlari xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.



SamDTU Matbuot xizmati