Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universitetida Oʻzbekiston tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalarining II Forumi oʻtkazildi

  Samarqand shahrida joriy yilning 15-16 mart kunlari Samarqand davlat tibbiyot universiteti tashabbusi bilan Oʻzbekistondagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalarining II forumi oʻz ishini boshladi. Forumda respublikadagi 10 ta tibbiyot OTMlaridan yuzdan ortiq talabalar ishtirok etib jami qamrab olingan yoshlar soni 8000 mingdan ortiq boʻldi.

  Tadbirni SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev ochib berdi va talabalarni ushbu forum bilan tabriklab, — “forumdan maqsad tibbiyotning fundamental va amaliy fanlari boʻyicha talabalarning bilim darajasini oshirish, nazariy bilimlarni amaliyotda qoʻllash, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalarini jahon va milliy tibbiyot merosiga jalb qilishdir. Mazkur forum universitetimizning talabalari, Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi hamda SamDTU Union assotsiatsiyasining koʻmagi va bevosita ishtiroki bilan tashkil qilinmoqda.

  Forum doirasida “Milliy liboslar” koʻrgazmasi, “Talabalar hayoti toʻgʻrisida videorolik”, “Talabalar loyihalari tanlovi” jamoaviy, “Start-up loyiha”, “Ilmiy innovatsion loyihalar”, “Zakovat” intellektual oʻyini va Sport musobaqalaridan “Badminton”, “Stol tennisi” hamda “Voleybol” kabi yoʻnalishlarda talabalar bellashdi. Forumning ikkinchi kunida sohaning yetakchi mutaxassislaridan maʼruzalar eshitildi.

  Talabalar oʻzlari tahsil olayotgan oliy oʻquv yurtlarida amalga oshirilayotgan loyihalar, ilmiy izlanishlar, ishlanmalarini keng jamoatchilik oldida taqdimot qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, mazkur forum talaba-yoshlar oʻz qobiliyatini yuzaga chiqarishlari uchun haqiqiy foydali bir maydon boʻlib xizmat qiladi”, deb taʼkidladilar.

  Forumda Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Yevropa tibbiyot universiteti, Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali va Samarqand viloyatida joylashgan Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari faol ishtirok etayotgani mazkur tadbirning nufuzini oshirishiga xizmat qildi.

  Forum doirasidagi “Zakovat” intellektual oʻyini breyn-ring formatida olib borildi. Sport musobaqalarida esa ham bir OTMdan 2 nafardan talabalar oʻzaro “Badminton”, “Stol tennisi” sport turlari boʻyicha kuch sinashdilar.

  Samarqand davlat tibbiyot universitetida oʻtkazilayotgan va anʼanaga aylanib borayotgan Oʻzbekiston tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalarining Forumi tibbiyot oliygohlari talabalari oʻrtasida doʻstlik va birdamlik, oʻzaro hamkorlik, sohaga boʻlgan mehr-muhabbat, kasbga boʻlgan sadoqat, boʻlajak shifokorlarni ertangi kunga boʻlgan ishonchingizni yanada mustahkamlaydi va jonajon yurtimizning istiqboliga xizmat qiladi desak mubolagʻa boʻlmaydi.


SamDTU matbuot xizmati