11-mart kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetining yangi binosini majlislar zalida taniqli isroillik mutaxassis, professor Roman Barakning sunʼiy intellektni tibbiyotda qoʻllash imkoniyatlariga bagʻishlangan maʼruzasi boʻlib oʻtdi. Mahorat darsida universitet rahbariyati va professor-oʻqituvchilar, viloyat kasaba uyushma tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
Professor Roman Barak (Isroil) — “Oltin Gippokrat” xalqaro mukofoti tashkiliy qoʻmitasi prezidenti, “Chegarasiz shifokorlar” loyihasini rahbari, Horev tibbiyot markazi (Hayfa, Isroil) bosh shifokori.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev maʼruza avvalidagi kirish soʻzida professor R.Barakning tibbiyot sohasidagi xizmatlarini taʼkidlab oʻtdilar. “Isroil tibbiyotida inqilobiy texnologiyalar. Tibbiyotda sunʼiy intellekt, insoniyat umrini 100 yilgacha uzaytirish” maʼruzada professor R.Barak sunʼiy intellekt sohasidagi zamonaviy yutuqlar va uning tibbiyot, radiologiya va tibbiy tasvirlashda qoʻllanilishi, uning yordamida yangi dori vositalarining kashf etilishi haqida qiziqarli maʼlumotlar berdi. Shuningdek, Isroil tibbiyotining turli kasalliklarning oldini olish va davolash sohasidagi yutuqlariga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Maʼruza soʻngida professor R.Barak ishtirokchilar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob qaytardi.
SamDTU matbuot xizmati