×
Menu
Close Menu

Koreyalik mutaxassislar Samarqandda mahorat saboqlari oʻtkazdi

  Samarqand davlat tibbiyot universitetida Koreyadagi Seul Milliy universiteti professori O.Bomjo boshchiligidagi mutaxassislar ishtirokida qarishga qarshi kurashish masalalariga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.

  Universitet endokrinologiya kafedrasi professor-oʻqituvchilari, klinik ordinatorlar, magistr va talabalar, shahar va tuman endokrinologlari qatnashgan tadbirda bugungi kunda dunyo miqyosida kasalliklarni davolash va oldini olish ishlarining yaxshilanishi, tibbiyot rivojlanishi natijasida insonlarning oʻrtacha umr koʻrish yoshi ortib borayotgani taʼkidlandi. Xususan, Oʻzbekistonda ayni paytda oʻrtacha umr ayollarda 76, erkaklarda 74 yoshni tashkil etmoqda. Hozirda jahon tibbiyotida yana bir yoʻnalish – qarilikka qarshi kurash, insonlarni biologik yoshartirish yoʻnalishini yuzaga keltirdi.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori J.Rizaev, universitet endokrinologiya kafedrasi mudiri, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat filiali bosh shifokori G.Negmatova mamlakatimiz tibbiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar, kasalliklarni aniqlash va bemorlarni davolashda zamonaviy innovatsion usullar keng joriy etilayotgani haqida soʻz yuritdi. Bu borada Samarqand davlat universitetining xorijdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari va tibbiy markazlar bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorligi samara berayotgani taʼkidlandi.

  – 60 yoshdan oshgan aksariyat keksalar salomatligidagi muammolar sababli muntazam dori-darmon qabul qiladi yoki surunkali kasalliklar nogironlik holatlariga olib keladi, – deydi Seul Milliy universiteti professori O Bomjo. – Bu dunyo miqyosida kuzatilayotgan holat. Buning oldini olish uchun keksalik yoshida ham sogʻlom turmush tarziga amal qilib yashash, uzoq umr koʻrish uchun yetti asosiy qoidaga rioya etish zarur. Yaʼni, sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sutkasiga 7-8 soat uxlash, tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilmaslik, spirtli ichimlik ichmaslik, tana vaznini meʼyorida saqlash, har kuni ertalab nonushta qilish lozim.

  Tadbirdan soʻng koreyalik mehmonlar Yo.Toʻraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida davolanayotgan bemorlar va 40 yoshdan oshgan sogʻlom aholi uchun interaktiv mashgʻulot oʻtkazdi. Mashgʻulot davomida yuz nafardan ortiq bemorlarga tibbiy koʻrik natijasiga koʻra zarur tavsiyalar berildi.




SamDTU matbuot xizmati