Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

SamDTU Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya markazi Hindistonning Krishna Neyroxirurgiya instituti bilan hamkorlik qiladi

  SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi mudiri, PhD, dotsent M.A. Aliyev 2023-yil 26-29-yanvar kunlari Hindiston Respublikasi Karad shahridagi Krishna Tibbiyot Fanlari Universiteti tarkibidagi Neyroxirurgiya ilmiy- tekshirish institutida tashkil etilgan KIMS International Neurosurgery Conference, Workshop (Cadavers Brain And Spine Dissection Hands - On) & Inauguration Of Aesculap Neurosurgical Skill Lab xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Konferensiya dasturi doirasida M.A. Aliyev murakkab lokalizatsiyali bosh miya qon tomiri anevrizmasini zamonaviy ekzoskop apparati yordamida klipslash operatsiyasida qatnashdi. Dotsent M.A. Aliyev konferensiyada SamDTU neyroxirurgiya kafedrasi va klinikasida bajarilayotgan amaliy va ilmiy ishlar tajribasi bo‘yicha ilmiy ma’ruza qildi. Ushbu konferensiyada Neyroxirurgiya kafedrasi “Yosh neyroxirurglar” talabalar ilmiy jamiyati a’zosi, SamDTU 1-Davolash fakulteti 519-guruh talabasi Quvondiqov Q.A. ham ishtirok etdi.

  Anjuman doirasida Krishna Neyroxirurgiya ilmiy-tekshirish markazida Aesculap (Germaniya) kompaniyasining neyroxirurgik operatsiya usullarini murdalarda kesib o‘rgatuvchi o‘quv laboratoriyasining rasmiy ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Bu laboratoriya barcha zamonaviy neyroxirurgik apparaturalar va instrumentlar, jumladan operatsion mikroskoplar, neyroekzoskoplar, neyroendoskoplar, neyronavigatsion tizimlar, S-rentgen apparatlari, ultratovushli aspiratorlar, bipolyar koagulyatsiyalar, elektrotrepanlar bilan jihozlangan bo‘lib, o‘zining jihozlanishi va yo‘nalishiga ko‘ra Janubiy-Sharqiy Osiyo hududidagi yagona shu turdagi o‘quv laboratoriyasi hisoblanadi.

  Yangi ochilgan laboratoriyada yetakchi neyroxirurg-professorlar boshchiligida “Kalla oldingi, o‘rta va orqa chuqurchalariga kirish mikroneyroxirurgik operatsiya usullari”, “Bosh miya kul rang va oq moddalari disseksiyasi”, “Gipofiz o‘smalarida transnazal transsfenoidal operatsiya usullari”, “Atlanto-oksipital bo‘g‘im fiksatsiyasi”, “Transpedikulyar fiksatorlar implantatsiyasi”, “Bo‘yin sohasidagi umurtqalararo disk churralarida ventral xirurgik usuli” kabi operatsiya usullari bajarilishi murdalarda kesib o‘zlashtirildi.

  Neyroxirurgiya kafedrasi mudiri, PhD, dotsent M.A. Aliyev Krishna Neyroxirurgiya ilmiy-tekshirish instituti magistr-rezidentlariga akademik mobillik dasturi bo‘yicha ma’ruza mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.

  Tashrif davomida SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha Krishna Neyroxirurgiya ilmiy- tekshirish instituti bilan hamkorlik kelishuviga erishildi.



SamDTU matbuot xizmati