×
Menu
Close Menu

​Jizzax shahri ixtisoslashtirilgan maktabida SamDTU taqdimoti oʻtkazildi

  Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida Samarqand davlat tibbiyot universitetini salohiyatini taqdimot qilish maqsadida oʻquvchilar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvda maktab maʼmuriyati, oʻquvchilar va maktab xodimlari qatnashdilar.

  Uchrashuvni maktab maʼnaviy va maʼrifiy ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari A.N. Mamurov ochib berdi. SamDTU klinik (oʻquv) bazalar bilan ishlash boʻlim boshligʻi U.S. Poʻlatov soʻz olib universitet tarixi, bugungi kundagi faoliyati, taʼlim tizimi, unda mavjud yoʻnalishlar, professor-oʻqituvchilari va talabalarining shu kunga qadar erishgan yutuqlari, universitetda mavjud fakultet hamda yoʻnalishlar, qoʻshma taʼlim dasturlari, universitetda oʻzaro hamkorlik asosida xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari haqida batafsil maʼlumotlar berib oʻtdi. Uchrashuv davomida bu yilgi maktab bitiruvchilari orasida ham tibbiyot sohasida taʼlim olish istagidagi yoshlarga bu borada yaratilgan imkoniyatlar toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi.

  Qizgʻin suhbat asosida kechgan ochiq muloqot jarayonida oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javoblar olishdi.

  Uchrashuv yakunida Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchilarini Samarqand davlat tibbiyot universiteti oʻquv binolari, taʼlim jarayoni va universitet klinikalari bilan yaqindan tanishishlarini taʼminlash maqsadida universitetda ochiq eshiklar kuni tashkil etilishi borasida oʻzaro kelishib olindi.



SamDTU matbuot xizmati