2024-yil 18-aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Travmatologiya va ortopediyaning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi. SamDTU va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlari” muassasasi tomonidan o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanda Hindiston, Rossiya va boshqa MDH davlatlari hamda O‘zbekistondan sohaning yetakchi olimlari va mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, amaliyot shifokorlari hamda yosh olimlar ishtirok etdilar.
Xalqaro konferensiyaning tantanali ochilishida SamDTU rektori, professor, Xalqaro ekologiya, inson xavfsizligi va tabiat fanlari akademiyasi a’zosi Jasur Rizayev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlari” muassasasi boshlig‘i Muxsinjon Mamasiddikov, Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniev, Rossiya Federatsiyasi R.R.Vreden nomidagi ITM (Sankt-Peterburg) travmatologiya va ortopediya bo‘limi mudiri, professor Dmitriy Ptashnikov va boshqalar ishtirokchilarga qutlov so‘zlari bilan murojaat etib, travmatologiya va ortopediya sohasidagi yangi yutuqlarni muhokama qilishning dolzarbligi hamda xalqaro ilmiy va amaliy hamkorlikning muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Konferensiya doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlari” muassasasi o’rtasida o’zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Konferensiya ishida orqa miya va yirik bo‘g‘imlar kasalliklarini jarrohlik yo‘li bilan davolashga zamonaviy yondashuvlar, yirik bo‘g‘imlarni endoprotezlash, bir vaqtning o‘zida operatsiyalarni oldindan rejalashtirish, operatsiyadan keyingi bemorlarni reabilitatsiya qilish kabi masalalar keng muhokama etildi. Anjuman ishtirokchilari sohadagi yangi fundamental bilimlar va innovatsion ishlanmalar bilan tanishish, ilmiy yutuqlarni sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni o‘rtoqlashdilar.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan “Travmatologiya va ortopediyaning dolzarb masalalari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi mamlakatimizda mazkur sohani rivojlantirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yuksaltirishga hissa qo‘shadi.
SamDTU matbuot xizmati