Joriy yilni 9-sentyabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Miya poyasining kavernoz angiomasini davolashning zamonaviy mikroneyroxirurgik usullari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar va mahorat darsi boʻlib oʻtdi. Seminarda neyroxirurglar, nevropatologlar, psixiatrlar, pediatrlar, klinik ordinatorlar va talabalardan iborat 40 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etdilar.
Xalqaro tadbirda professor Eka Vaxjoepromono, Jakarta universiteti (Indoneziya) yetakchi mutaxassisi Pelita Xarapan bosh miya poyasining turli lokalizatsiyasi boʻlgan kavernoz angiomalari bilan ogʻrigan koʻplab bemorlarni operatsiya qilish boʻyicha ilmiy maʼruzalar qildi. Zamonaviy neyroxirurgiyaning eng dolzarb muammolaridan hisoblangan kavernomalarni zamonaviy mikrojarrohlik yoʻli bilan davolash boʻyicha maʼruzalar tinglandi. Jumladan, taqdim etilgan “Miya poyasining turli lokalizatsiyasidagi kavernomalarda klinik holatlar va neyroxirurgik yondashuvni tanlash” mavzusidagi maʼruza seminar ishtirokchilari uchun juda foydali boʻldi. Maʼruzachi tomonidan berilgan barcha savollarga klinik tajriba va turli klinik holatlar asosida batafsil javoblar qaytarildi.
SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi professori A.M. Mamadaliyev professor Ek va uning xodimlariga Samarqandga kelib, tajriba almashgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Mehmonlar bilan esdalik sovgʻalari bilan almashildi va suratga tushildi.
Professor Eka Vaxjoepromono samarqandlik yosh neyroxirurglarning qiziqishini alohida qayd etib, universitetda kadrlarni tayyorlash va murakkab operatsiyalarni bevosita klinik bazalarda amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyorligini taʼkidladi.
SamDTU matbuot xizmati