×
Menu
Close Menu

“Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining II - xalqaro olimpiadasi yetti mamlakat yoshlarini birlashtirdi

  Samarqand davlat tibbiyot instituti tashabbusi bilan “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining II xalqaro olimpiadasi oʻtkazildi.

  Unda Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ukraina, Belarus va Turkiya davlatlari oliy tibbiyot oʻquv yurtlaridan 300 ga yaqin talaba-yoshlar bevosita, ikki mingdan ortiq yoshlar onlayn koʻrinishda ishtirok etdi.

  Tadbirning ochilish marosimida Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari A.Inoyatov, Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor J.Rizaev, Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti rektori, akademik S.Bagnenko, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Sh.Jumayev, Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori N.Haydarov, Istanbul madaniyat universiteti tibbiyot fakulteti dekani Pençe Sadrettin soʻzga chiqib, olimpiadaning ahamiyati haqida gapirdilar.

  Olimpiadada dastlab 30 ta fan boʻyicha talabalar test orqali bilimlarini sinovdan oʻtkazishgan boʻlsa, ikkinchi bosqichda ular nazariy va amaliy koʻnikmalarini namoyish etdilar. Olimpiada oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib borildi.

  Ishtirokchilarning ijodiy ishlari va loyihalari xorijiy mamlakatlarning mutaxassislari, professor-oʻqituvchilaridan tashkil topgan hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi.

  Xalqaro olimpiadada ishtirok etgan talabalar sertifikat bilan taqdirlandilar.

  Olimpiadada Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti rektori, akademik S.Bagnenko (Rossiya), Xerson davlat universiteti rektori, professor A.Spivakovskiy (Ukraina), Oliy biznes maktabi – Louis milliy universiteti rektori Uozniak Dariusz (Polsha), akademik Yu.Polushin (Rossiya) kabi bir qancha olimlar bevosita ishtirok etdi. Taniqli olimlar SamDTIning yuqori kurs talabalari bilan jahon sogʻliqni saqlash tizimidagi yutuqlar va oʻzgarishlar, muhim voqealar, zamonaviy rahbarga qoʻyiladigan talablar haqida mahorat darslari oʻtishdi.

  Xalqaro olimpiada doirasida Samarqand davlat tibbiyot instituti hamda Sankt-Peterburg pediatriya tibbiyot universiteti, Voronej davlat tibbiyot universiteti va Ukrainaning Xerson davlat universitetlari oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

  Shu kuni Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti rektori, akademik S.Bagnenko, Sankt-Peterburg pediatriya tibbiyot universiteti professori D.Butkoga institut ilmiy kengashi qaroriga koʻra SamDTI professori faxriy unvoni berildi.

  Olimpiada doirasida talabalar festivali ham oʻtkazildi.



Fotogalereya


SamDTI matbuot xizmati