×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universiteti vetlaboratoriyasida klinik ordinatorlarni amaliy tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan

  Joriy yilning 4-fevral kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti simulyatsion markazi vetlaboratoriyasida DKTF jarrohlik, endoskopiya va anesteziologiya-reanimatologiya kafedrasi hamda Pediatriya fakulteti jarrohlik kasalliklari kafedrasi klinik ordinatorlari tomonidan laboratoriya hayvonlari (quyonlar) da laparoskopik amaliyotlar muvaffaqiyatli bajarildi.

  Ushbu o‘quv amaliyotining maqsadi klinik ordinatorlarning kaminvaziv jarrohlik sohasidagi amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, zamonaviy laparoskopik texnologiyalarni o‘zlashtirish, shuningdek, endoskopik aralashuvlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan manual ko‘nikmalarni rivojlantirishdan iborat.

  Amaliy mashg‘ulotlar davomida laparoskopik operatsiyalarning asosiy bosqichlari, shu jumladan troakarlarni qo‘yish texnikasi, cheklangan operatsion bo‘shliq sharoitida asboblarni manipulyatsiya qilish va qorin bo‘shlig‘i a’zolarini laparoskopik rezeksiya qilish namoyish etildi.

  O‘quv jarayonida hayvonlardan foydalanish klinik ordinatorlarga nafaqat jarrohlik aralashuvi texnikasini ishlab chiqish, balki a’zolarning topografo-anatomik xususiyatlarini chuqurroq tushunish imkonini beradi, bu esa keyinchalik bemorlarga jarrohlik yordami sifatini oshirishga yordam beradi. Ta’limning bunday shakli mutaxassislar tayyorlashning zamonaviy talablariga javob beradi va bo‘lajak jarrohlarning kasbiy kompetensiyalarini takomillashtirishda muhim rol o‘ynaydi.


SamDTU Matbuot xizmati