Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan har yili an’anaviy tarzda “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining xalqaro olimpiadasi o‘tkazilib kelinadi. Mazkur nufuzli musobaqa bu yil ham yuqori saviyada tashkil etildi.
Joriy yilning 13-14-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan xalqaro olimpiadada yurtimiz hamda Germaniya, Malayziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Ukraina va Belorussiya, Janubiy Koreya kabi jahonning yigirmaga yaqin davlatlarining yuzdan ziyod tibbiyot oliygohlaridan 730 dan ortiq offlayn va 4000 ga yaqin onlayn tarzda talabalar, xorijiy tibbiyot muassasalari rektorlari hamda ko‘plab professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Olimpiadaning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev hamda bir qator xorijiy tibbiyot oliygohlari rektorlari beshinchi bora tashkil etilayotgan xalqaro musobaqaning ahamiyati haqida so‘z yuritib, barcha ishtirokchilarga omad tiladilar.
O‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘tkazilgan xalqaro olimpiadaning asosiy qismida ishtirokchilar tibbiyotning 40 dan ortiq yo‘nalishlari bo‘yicha ikki bosqichda, test sinovlari va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etish orqali bellashdilar. Shu bilan bir qatorda an’anaviy tarzda qatnashayotgan 730 dan ortiq talabalar jahon standartlari talablariga javob beruvchi 7-avlod simulyatsion robotlari orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkizdilar. Olimpiada doirasida O‘zbekistonning Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi va xorijiy tibbiyot kollejlarining o‘quvchilari o‘rasida xalqaro olimpiada tashkil qilindi.
Shuningdek, talabalar uchun chet ellik va Respublikamizning yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari va boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlangan mahorat darslari, bakalavr, magistr hamda klinik ordinatorlar uchun xorijiy tibbiy OTMlari rektorlarining ma’ruzalari ham tashkil etildi. Talabalar o'rtasida turli sport o'yinlari o'tkazildi.
Olimpiadaning yopilish marosimi ham tantanali tarzda tashkil etilib, g‘olib va sovrindorlar, faol ishtirok etgan va nominatsiya bo‘yicha g‘olib deb topilgan ishtirokchilar diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan tashkillashtirilgan mazkur olimpiada nafaqat tibbiyot talabalarining bilim va salohiyatini baholash va ularni munosib taqdirlash, balki, xalqaro do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun ham katta maydon vazifasini o‘taydi.
SamDTU Matbuot xizmati