Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Xitoyning Shinjon tibbiyot universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, bugunga qadar birgalikdagi bir qator loyihalar, qo‘shma ta’lim dasturlari va akademik almashinuvlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 5-11-avgust kunlari Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasi Xitoy xalq Respublikasida joylashgan Shinjon tibbiyot universitetiga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida delegatsiya Shinjon tibbiyot universiteti faoliyati, ta’lim tizimi, undagi sharoitlar, universitetning immunologiya, parazitologiya va yuqumli kasalliklar kafedrasi faoliyati, hamda universitet qoshidagi Markaziy Osiyo ilmiy laboratoriyasi bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazi direktori, professor Xolmurodova Dilafruz Kuvvatovna ishtirokida Shinjon tibbiyot universitetiga qarashli immunologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish laboratoriyasi bilan hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi L.M.Isayev nomidagi mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Maxmudova Lola Baxranovna ishtirokida Shinjon tibbiyot universitetiga qarashli 1-shifoxona yuqumli kasalliklar bo‘limi bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Memorandumga ko‘ra kelgusida birgalikdagi ilmiy-tadqiqot ishlari va izlanishlarni olib borish, ikki oliygoh qoshidagi klinikalar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirgan holda xitoy tabobati tajribasini mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga tatbiq qilish nazarda tutilgan.
Shuningdek, tashrif doirasida “Do‘stlik” tadbirlari, universitetda olib borilayotgan o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan tanishish hamda hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan bir qator uchrashuvlar tashkil etildi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasining Shinjon tibbiyot universitetiga tashrifi ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlik aloqalarining yanada kengayishiga zamin yaratadi.
SamDTU matbuot xizmati