Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universiteti Yaponiyaning GIFU prefekturasi bilan hamkorlik qiladi

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlaridagi oliygohlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, Yaponiya universitetlari va klinikalari bilan ham hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bir qancha istiqbolli loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

  Joriy yilning 20-iyul kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetiga Yaponiyaning GIFU prefekturasi gubernatori  Xajime Furuta hamda GIFU universiteti prezidenti Kazuhiro Yoshida boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev kutib oldi.

  Tashrif doirasida uchrashuv tashkil etilib, hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Yakunda o‘zaro hamkorlik qilish va birgalikdagi ishlarning yo‘l xaritasini ishlab chiqish bo‘yicha uch tomonlama memorandum imzolandi.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Yaponiyaning GIFU uniersiteti o‘rtasida yosh olimlarning tajriba almashinuvi, qisqa muddatlarga talaba yoshlarning amaliyot almashinuvi, doktorlik dissertatsiyalari, magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik, “Joint degree” loyihasini amalga oshirish hamda  kelgusida GIFU universitetining Samarqanddagi ofisini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

  Yaponiyaning GIFU prefekturasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik mamlakatimiz tibbiy ta’limida Yaponiya tajribasini joriy qilish va yangi bosqichga ko‘tarishga zamin yaratadi.


SamDTU matbuot xizmati