×
Menu
Close Menu

​SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi delegatsiyasi Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkazilgan xalqaro kongressda ishtirok etdi

  Universitet huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida 2023-yilda sohadagi eng innovatsion amaliyotlardan hisoblanuvchi Parkinson kasalligida bosh miya chuqur tizimlariga chiplar (elektrodlar) o‘rnatish operatsiyasi (Deep brain stimulation) amaliyotga joriy etilgach, markaz jamoasi ko‘plab nufuzli anjumanlarda muntazam qatnashib kelmoqda.

  Joriy yilning 20-25-mart kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida Neyromodulyatsiya yo‘nalishidagi «Osiyo va Okeaniya davlatlari Parkinson kasalligi va harakat buzilishlari assotsiatsiyasining 9-xalqaro kongressi» (9th Asian and Oceanian Parkinson’s Disease and Movement Disorders Congress – AOPMC) o‘tkazildi. Ushbu konferensiyada markaz delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

  Kongressda Parkinson kasalligi va boshqa turdagi harakat buzilishlarining etiologiyasi, patogenetik omillari, klinikasi, diagnostikasi, konservativ va xirurgik davolash usullari hamda reabilitatsiyasiga doir jahondagi eng ilg‘or yutuqlar, kamchiliklar muhokama etildi. Kongressda markazimiz tajribasi ham namoyish etildi. Anjuman dasturidan o‘rin olgan o‘quv kurslarida delegatsiyamiz yosh mutaxassislari yangi amaliy ko‘nikma va bilimlarga ega bo‘lishdi.

  Markaz delegatsiyasi Yaponiyaga safari davomida Nagoya shahridagi Fujita Tibbiyot Universiteti Bantan xospitali Neyroxirurgiya Departamentida ham bo‘lib, departament rahbari, Osiyo Neyroxirurglari Kongressining prezidenti, professor Yoko Kato bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda ushbu muassasa va SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi tuzishga kelishildi. Ushbu hamkorlik doirasida markazimiz yosh mutaxassislari Fujita Tibbiyot Universiteti Bantan xospitali Neyroxirurgiya Departamentida maxsus ajratilgan imtiyozli stipendiyalar asosida qisqa va uzoq muddatli (3 va 6 oy davomida) malaka oshirish kurslarida o‘z kasb malakalarini oshirish imkoniyatiga bo‘ladilar, yaponiyalik yetakchi mutaxassislar markazimizda mahorat darslari tashkil etib, zamonaviy operatsiyalarni o‘tkazadilar.


SamDTU Matbuot xizmati