×
Menu
Close Menu

​O‘zbekiston va Qirg‘iziston ta’lim hamkorligi yangi bosqichda

  Joriy yilning 16-iyul kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rektorlari ikkinchi forumi o‘z ishini boshladi. "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida tashkil etilgan forumda ikki davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari va professor o‘qituvchilari ishtirok etdi.

  Forumni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Qirg‘iz Respublikasi Ta’lim va fan vaziri D. SH. Kendirbayevalar kirish so‘zlari bilan ochib berib, o‘tkazilayotgan mazkur anjumanning ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.

  Forumda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, ta’lim sifatini oshirish, stajirovka o‘tash, malaka oshirish va ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, turizm, geologiya, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Ochilishdan so‘ng Forum o‘z ishini sho‘ba yig‘ilishlarida davom ettirib, muzokaralarda “Ta’limni boshqarish sifatini oshirish”, “Tibbiy ta’lim sohadagi yangi texnologiyalar”, “Raqamlashtirish va sun’iy intellekt: oliy ta’limni ishlab chiqarish transformatsiyasi” mavzularidagi dolzarb masalalar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

  Shuningdek, forum doirasida ko‘plab o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti ham Qirg‘izistonning Adam universiteti hamda Qirg‘iziston davlat tibbiyot akademiyasi bilan o‘zaro hamkorlik memorandumini imzoladi. Talabalar va o‘qituvchilarning akademik harakatchanligi, xorijiy grant loyihalarida birgalikda ishtirok etish, ilmiy va amaliy hamkorlik masalalariga qaratilgan memorandumlar kelgusida yuqori natijalar berishi ta’kidlandi.

 “Zamonaviy bosqichda O‘zbekiston va Qirg‘izistonda oliy ta’lim va fanni rivojlantirish xususiyatlari” mavzusidagi anjumanning tashkil etilishi hamda yuqori saviyada o‘tkazilishi nafaqat ikki mamlakat ta’lim hamkorligining, balki, mustahkam do‘stlik aloqalarining ham yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratadi.


SamDTU matbuot xizmati