Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​SamDTU Neyroxirurglari Turkiyada malaka oshirdilar

  SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida Turkiyaning Istanbul shahridagi Altinbash Universiteti Medical Park Bahchelievlar klinikasi mutaxassislari ishtirokida Parkinson kasalligida bosh miyaga maxsus “chip”lar o‘rnatib davolash yo‘lga qo‘yilib, qator operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Neyroxirurgiyaning ushbu sohasini rivojlantirish maqsadida SamDTU neyroxirurgiya kafedrasi xodimlaridan iborat alohida guruh shakllantirilgan bo‘lib, bir nechta xorijiy yetakchi universitetlar va klinikalar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda. Jumladan, SamDTU neyroxirurgiya kafedrasining quyidagi xodimlari, kafedra assistenti K.J. Saidov, kafedra klinik ordinatori M.A. Jabborov, kafedra qoshidagi “Yosh neyroxirurglar” TIJ a’zolari N.N. Boymatov, Q.A. Quvondiqov va F.A. Bayramalievlar 2024-yil 15-18-aprel kunlari Turkiyaning Istanbul shahridagi Altinbaş Universiteti Medical Park Bahçelievlar Hospitalida “Parkinson kasalligi xirurgiyasi”  mavzusidagi qisqa muddatli malaka oshirish kursida malaka oshirdilar. Jumladan, Medical Park klinikasi yetakchi mutaxassisi, stereotaksik xirurgiya bo‘yicha jahonga tanilgan neyroxirurg, SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi tashqi o‘rindosh dotsenti, Dr. Sait Özturkning Parkinson kasalligi, harakat buzilishlari kuzatilgan bemorlarda o‘tkazgan yuqori innovatsion texnologiyali operatsiyalarida bevosita qatnashdilar. Ushbu amaliyotlarning o‘ziga xos xususiyatlari, ishlatiluvchi texnologiyalar, asboblar bilan yaqindan tanishdilar.

  Yosh mutaxassislarimiz Parkinson kasalligi va epilepsiya kasalligida operatsiyadan oldingi va operatsiyadan keyingi davrda bemorlarni kuzatish, bosh miya chuqur tuzilmalariga o‘rnatilgan chiplarni dasturlash ko‘nikmalarini o‘zlashtirdilar. Dastur doirasida neyroxirurglarimiz Medical Park Hospitalida o‘tkazilgan Parkinson kasalligida bosh miyaga chip o‘rnatish, epilepsiya xirurgiyasi va bo‘yin sohasidagi umurtqa kanali stenozida o‘tkazilgan yuqori texnologiyali operatsiyada assistent sifatida qatnashdilar.

  Malaka oshirish kursi yakunida SamDTU va Altinbaş Universiteti Medical Park Bahçelievlar Hospitali o‘rtasida “Parkinson kasalligi va harakat buzilishlari” xirurgiyasini SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida davom ettirish va operatsiyalarni seriyali tarzda amalga oshirish, bu borada mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.


SamDTU matbuot xizmati