×
Menu
Close Menu

​“Sog‘liqni saqlashda innovatsion texnologiyalar: ichki kasalliklarni davolash uchun yangi imkoniyatlar” III xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi

  Barcha sohada bo‘lgani kabi tibbiyotda ham zamonaviy texnologiyalar va nazariyalarni qo‘llash soha rivojiga ijobiy ta’sir qilib, uning yanada ilgarilashiga sabab bo‘ladi. Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar zamirida xalq manfaati va uning sog‘ligi yotibdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

  Joriy yilning 5-aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Sog‘liqni saqlashda innovatsion texnologiyalar: ichki kasalliklarni davolash uchun yangi imkoniyatlar” III xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Turli mamlakatlardan soha mutaxassislari ishtirok etgan anjuman ochilishida so‘zga chiqqan SamDTU rektori Jasur Rizayev tobora ilgarilab borayotgan tibbiyotda innovatsion texnologiyalar va yangicha qarashlarning ahamiyati haqida so‘z yuritib, tashkil etilayotgan mazkur konferensiyaning zamonaviy tibbiyotimizni rivojlantirishda muhim omillardan biri ekanini ta’kidladi. Ochilish doirasida Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Aleksey Evgenievich Shklyaevga Samarqand davlat tibbiyot universiteti “Faxriy professori” unvoni topshirildi. So‘zga chiqqanlar sog‘liqni saqlashda innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, tibbiyotdagi zamonaviy yutuqlardan unumli foydalanish orqali soha rivojini ta’minlash, shuningdek, yuqori darajadagi ilmiy anjumanlar tashkil qilish orqali xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida so‘z yuritdilar.

  Ochilishdan so‘ng anjuman o‘z ishini onlayn va offlayn seksiyalarda davom ettirdi. Anjumanda kardiologiya, pulmonologiya, ftiziatriya, gastroenterologiya, endokrinologiya, revmatologiya, oilaviy tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha 130 dan ortiq dolzarb mavzudagi ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, "Yuqumli bo'lmagan kasalliklarni oldini olishdagi zamonaviy yondashuvlar. Xalqaro tajriba" mavzusidagi ekspert davra suhbati hamda yo'nalishlar doirasida "Yosh olimlar" sho'basi ish olib bordi.

  Xalqaro miqyosda tashkil etilgan mazkur ilmiy-amaliy anjuman zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan unumli foydalanish hamda uni mamlakatimiz tibbiyotiga keng joriy qilish orqali sog‘liqni saqlash tizimini jahon talablariga yanada moslashga katta turtki bo‘ladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

  Anjuman o‘z ishini 6-aprel kuni ham davom ettiradi.


SamDTU matbuot xizmati